Adliya vazirligi: yangi partiya tuzish so‘rovi rad etildi
Adliya vazirligi tomonidan «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha so‘rov rad etildi.
Partiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida» va «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonunlar talablariga rioya qilinmagan holda taqdim qilinganligi aniqlandi, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Xususan, «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy sub’yektda (viloyatda), shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
Biroq, partiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha bor-yo‘g‘i 9 873 ta imzo yig‘ilgan.
Jumladan, 2021-yil 7-apreldagi arizaga 7 675 ta (qo‘shimcha 944 ta) va 7-iyundagi arizaga 1 254 ta imzo qo‘ygan fuqarolarning ro‘yxatlari ilova qilingan.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, imzolar ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslarning 42 nafari vafot etgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan imzolar partiya tuzish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda turli sabablar asosida yig‘ilganligi sababli, imzolarni hisobga olmaslik (bekor qilish) haqida bugungi kunga qadar vazirlikka jami 2 292 ta murojaat kelib tushdi.
Shunga ko‘ra, «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter