Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana shifokorga tajovuz. Asakada 55 yoshli feldsher kaltaklandi

Yana shifokorga tajovuz. Asakada 55 yoshli feldsher kaltaklandi

Foto: Media.az

Joriy yil 6 sentyabr kuni kechki payt soat 20.00 atrofida Andijon viloyati Asaka tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam bo‘limiga qarashli «Sharq haqiqati» shoxobchasiga og‘ir jarohat olgan bemorni olib kelishadi.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, shifokorlar bemorga zudlik bilan birinchi yordamni ko‘rsatadi. Tibbiy ko‘rik paytida bemorga o‘zgalar tomonidan tan jarohati yetkazilganiga ishonch hosil qilgan tibbiyot xodimlari xizmat vazifasidan kelib chiqqan holda, tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar bermoqchi bo‘lganda bemorni olib kelgan fuqaro S.N. tez tibbiy yordam feldsheri B.Gadoyevning burniga boshi bilan zarba beradi va kaltaklay boshlaydi. Bundan tashqari, fuqaro S.N. shifokorni kaltaklash bilan qanoatlanmay hovlida turgan tez tibbiy yordam avtomashinasiga ham ziyon yetkazgan.

So‘ngra, ushbu holat haqida tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar beriladi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib ichki ishlar xodimlari voqea joyiga yetib keladi.

Jarohat olgan feldsher esa tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan. Bo‘limda unga «Burun suyagi yopiq sinishi. Chap tirsak, tizza bo‘g‘imining yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Pastki jag‘ chap sohasining yirtilishi va yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi» tashxisi bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi vaqtda B. Gadoyev Asaka tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida davolanmoqda.

«Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Umid qilamizki, xizmat vazifasini o‘tayotgan tibbiyot hodimiga qilingan tajovuz jazosiz qolmaydi.

Shu o‘rinda aytish joizki, oxirgi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, shifokorlarning sog‘lig‘iga og‘ir ziyon yetkazish, tahqirlash holatlari tez-tez uchrab turgani barchamizni tashvishga solmoqda. Shifokor hech qachon, hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, aksincha, huzuriga shifo istab kelgan har bir bemorga bor kuch-salohiyati, bilimini ishga solib beg‘araz ko‘mak beradi. Tibbiyot xodimlarining shirin so‘zi, dori-darmoni va mehrli qo‘li bilan qanchadan-qancha bemorlar og‘ir darddan xalos bo‘layotgani hammamizga kundek ravshan. Ana shunday fidoyi, o‘zgalar salomatligi uchun o‘z halovatidan kechib, mehnat qilayotgan oq xalat sohiblarini tahqirlash, nohaq kaltaklash aqlga sig‘adimi?

Bunday holatlar xalqimizning milliy qadriyatlariga ham, umuminsoniy tamoyillarga ham butunlay ziddir. Shuning uchun ham huquq-tartibot organlari jamiyatimizda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan bunday illatlarga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali usullarini joriy etib, shifokorlarning haq-huquqlarini qat’iy himoya qilishlarini so‘rab qolamiz, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tomonidan berilgan bayonotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring