Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana ishga kechikdim...

Yana ishga kechikdim...

Foto: «promdevelop.ru»

Ha-ha, xuddi shunday, yana ishga kechikdim. Oz emas, ko‘p emas, naq 10 daqiqa... (har doimgiday) Nima qipti? Hammayam kechikadiku, to‘g‘rimi? Kimdir uxlab qoladi, kimdir ko‘chada tanishi yoki qarindoshini uchratadi, yana kimdir esa taksiga yo avtobusga chiqqanda yo‘lda tiqilinch holatga duch keladi. (Aslida, eng yaxshi bahonayam ana shu – oxirgisi-da...)

Ishxonaga shosha-pisha yetib kelaman. Hech kim bilan hech kimning ishi yo‘q. Bir tomondan qarasang har kim o‘zining ishini qilib yuribdi. Lekin meni kechikkanimni hamma ko‘radi-da...

Bir kunda 8 soat ish vaqti. Har kuni 10 daqiqadan kechiksam, 10 kunda 100 daqiqa, bir oydagi o‘rtacha ish kuni hisoblangan 24 kunda esa naq 4 soat bo‘larkan. Qarang, ikki oyda bir kunlik ish haqini behuda to‘lasharkan menga... Qanday «yuksak» aql-zakovat bilan o‘ylangan hisob!.. Bunaqa hisob-kitoblarni qiladigan odam yo ishbilarmon bo‘ladi yoki bo‘lmasa matematikaning «otasi» emas-u, har holda «amaki-tog‘alari»dan biri bo‘lib chiqadi... Lekin men judayam ishbilarmon ham, arifmetikaning ustasi ham emasman. Ya’ni, bularni o‘zim hisoblab chiqqanim yo‘q, demoqchiman. Kadrlar bo‘limimizda ishlaydigan sal betgachoparroq yigitcha hisoblab berdi. Bir o‘zimga emas, firmamiz rahbari, uning o‘rinbosari va bosh hisobchimiz ham bor edi. Yigitchaga ofarin! Meni ovora qilib o‘tirmay o‘zi shartta yozib-chizib tashladi. Xuddi bir sinf bolaga dars o‘tayotgan o‘qituvchiday tutdi-ya o‘zini. Bo‘lmasa shuncha narsani o‘zim hisoblab chiqishim kerak edi-da. U-ku hammasini hisoblab berdi. Menga qolgani esa – kechikkan kunlarimga, har biriga alohida yoki barchasiga bitta qilib bahona topishim kerak edi.

Xonada mendan tashqari to‘rt kishi bor. Hammaning ko‘zi menda. Xuddi bir dahoning og‘zini poylab turgan ilmi toliblardek, hamma mening nima gap boshlashimni kuti-i-ib o‘tiribdi.

– Endi-i-i... - gapni chuvalashtirib boshladim. Rahbarning bir qovoq uyishi bilan bulbulday sayrab ketdim:

– Ha-ha, xuddi shunday, yana ishga kechikdim. 10 daqiqa. Nima qipti? Hammayam kechikadiku, to‘g‘rimi? – deb yo‘l-yo‘lakay xayolimga kelgan gaplarni takrorlay boshladim. – Kimdir uxlab qoladi, kimdir ko‘chada tanishi yoki qarindoshini uchratadi, yana kimdir esa taksiga yo avtobusga chiqqanda yo‘lda tiqilinch holatga duch keladi. Lekin nega aynan mening kechikkanimni hamma ko‘radi?..

– Gapni aylantirmang, - dedi bosh hisobchimiz. – Biz sizga shuncha pulni nega to‘layapmiz?

U shunday dedi-yu, rahbarimizga bir qarab qo‘ydi. Rahbar esa xuddi bizni eshitmayotgan, bu gaplarni unga aloqasi yo‘qdek qandaydir qog‘ozlarga ko‘z yugurtirayotgan edi.

– Mana, qarang, – deb yana gap boshladim rahbarning beparvoligidan foydalanib, hisobchining o‘z «sheva»si-yu ohangida. – Mening ish vaqtim 8 soat. Soat 9-00 da boshlanadi, 18-00 da tugaydi. 13-00 dan 14-00 gacha tushlik. Lekin tushligimni o‘zim bilan olib kelaman («Xotinimining qo‘li juda shirin-da» degan o‘y bilan tamshanib qo‘yaman). Shu yerda tushlik qilganim uchun bu yarim soatgayam bormaydi. 10 daqiqa kechikkanimni olib tashlasak, 20 daqiqa ko‘p ishlayotgan ekanman-da. Keyin, meni chekmasligimni hammangiz bilasiz, to‘g‘rimi?.. Boshqalar har ikki soatda 10 daqiqadan chekishga ajratsa, men o‘sha vaqtdayam ishlayman. Demak ulardan ham o‘rtacha hisobda 40 daqiqa ko‘p ishlayapman... Yana bir gap: o‘zim ishxonaga yaqin joyda turganim uchun har zamonda dam olish kunlari ham ishga kelib turaman. Yo sizlar chaqirasizlar yoki o‘zim kelaman. Axir dam olish kunlari har bir ishlagan soat ikki hissa ko‘p hisoblanadi-ku. Menga ikki hissa kerakmas, o‘z holicha hisoblayvering. Bularniyam hisoblab chiqsak, bir oyda o‘rtacha 2-3 kun ko‘p ishlayapman ekanku. Endi keyingi jihat...

– To‘xtang, - dedi rahbarimiz gapimni bo‘lib. – Borib ishingizni qiling. Bizning o‘zaro gaplarimiz bor.

Bilasizmi, boshqalarga e’tibor bermabmanu, kadrlar bo‘limimizdagi haligi yigitchaning og‘zi lang ochilib qolgani haliyam ko‘z oldimda. Menimcha, u o‘zidan boshqa hech kim bunday hisob-kitobni bilmaydi deb o‘ylasa kerak.

Xonadan chiqdim-u, nega bu xonaga kelganim esimga tushdi:

«O‘zi ertaga ishga kelmaslik uchun ruxsat so‘ragani kiruvdim. Shuncha gapdan keyin ruxsat so‘rashim to‘g‘ri bo‘larmikan yo so‘ramasligimmi?»

Dadaxon Muhammadiyev


Ushbu blogpost muallifi O‘zbekiston blogerlari chempionatida ishtirok etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring