Yana bir og‘ir judolik: atoqli matematik olim endi oramizda yo‘q
Atoqli matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Mahmud Salohiddinov bugun, 27-aprel kuni 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda olimning shogirdi saytimizga xabar berdi.
Ma’lumot o‘rnida
M.Salohiddinov Islom akademiyasi va Adigiya Xalqaro fanlar akademiyasi akademiki, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati, «Buyuk xizmatlari uchun» (2007-y.), «Fidokorona xizmatlari uchun» (2017-y.) ordenlari sohibi hisoblanadi.
M.Salohiddinov yirik matematik olim bo‘lib, O‘zbekistonda differensial tenglamalar sohasidagi hozirgi zamon ilmiy maktabining tashkilotchisi va rahbari, respublikada fan va oliy ta’limni tashkil etish va rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan jamoat va davlat arbobi.
M.Salohiddinov xususiy hosilali differensial tenglamalar, integral tenglamalar, shuningdek, funksiyalar nazariyasi sohasidagi chuqur fundamental izlanishlarning muallifi sifatida matematiklar orasida obro‘ qozongan olim. 1969-yildan boshlab hozirgi paytgacha O‘zbekiston Respublikasida matematik izlanishlardagi muvaffaqiyatlar va mutaxassislar tayyorlash uning nomi bilan bog‘liqdir.
M.Salohiddinov 1933-yil 23-noyabrda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1950-yili O‘rta Osiyo Davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirib, 1955-yilda matematik analiz kafedrasi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomladi. Uning ilmiy qobiliyatini sezgan ustozlar uni shu kafedrada olib qoldilar. U 1958-yili fizika-matematika fanlari nomzodi darajasi uchun muvaffaqiyatli dissertatsiya himoya qildi.
Uning dastlabki ishlarida chiziqsiz xususiy hosilali differensial tenglamalar sistemasi uchun Koshi masalasi tadqiq qilinadi.
60-yillarda M.Salohiddinovning ilmiy faoliyatida yangi bosqich boshlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Matematika institutiga ilmiy izlanishlarini davom ettirish maqsadida jo‘natilgan yosh olim bor kuch-g‘ayratini, u davr uchun yangi yo‘nalish bo‘lgan aralash va aralash — qo‘shma tipdagi xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun chegaraviy masalalar tadqiqoti bilan shug‘ullanishga safarbar qiladi.
O‘zbekistonda matematika fanini va oliy ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi, sermahsul pedagogik faoliyati va yuqori malakali ilmiy mutaxassislarni tayyorlashdagi xizmatlari uchun M.Salohiddinov O‘zbekiston Respublikasi oliy Soveti «Faxriy yorlig‘i», «Hurmat Belgisi» (1976-y.), «Xalq maorifi a’lochisi» (1976-y.), «Mustaqillik nishoni» (1992-y.) «Mehnat shuhrati» (2003-y.), «Buyuk xizmatlari uchun» (2007-y.), «Fidokorona xizmatlari uchun» (2017-y.) orden va medallari bilan taqdirlangan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti ilmiy kengashi qaroriga asosan «Yuksak xizmatlari uchun» (1992-y.) belgisi bilan taqdirlangan.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter