Yana bahor, yana ezgulik!
Qadimdan Navro‘z kunlari keksalar, kasal yotgan kishilarning ahvolidan xabar olish, ularning ko‘nglini so‘rash xalqimizga odat. Eng oldin ana shunday mehrga, muruvvatga ilhaq kishilarga Navro‘z shukuhini yetkazish insoniylik burchimiz.
Xalqimizning qadimiy udumlarini kattaqo‘rg‘onliklar ham yaxshi bilishadi. Bahorning ilk iliq kunlarida Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligining tashabbusiga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, tuman Yoshlar ittifoqi kabi qator tashkilotlar hamkorligida tumanda istiqomat qilib kelayotgan 80 nafar imkoniyati cheklangan kishilarga shodlik ulashish maqsadida bayram tashkil etildi.
Tumandagi muhtasham «Navro‘z» marosimlar saroyiga yig‘ilgan tadbir ishtirokchilarini tuman hokimi A’zamxon Bahromov Navro‘z ayyomi bilan qutlar ekan, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar jarayonida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, imkoniyati cheklangan kishilarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hukumatimizning doimo diqqat markazida ekanligini e’tirof etdi. Bayram tadbirida tashkilotchilar tomonidan 65 nafar katta yoshdagi kishilarga, 15 nafar nogiron bolalarga nogironlik aravachalari tarqatildi. Shuningdek, ularga homiylar tomonidan ulashilgan sovg‘a-salomlar o‘ksik qalblarni tog‘day ko‘tardi. Bahoriy noz-ne’matlar bilan bezatilgan to‘kin dasturxon va konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga bir olam quvonch va shodlik ulashdi.
− Bolaligimdan rasm chizishga qiziqaman, − deydi tumandagi Balandravot mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 35-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Tursunoy Tursunova. − Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar tufayli o‘qituvchilarim ko‘magida uyda ta’lim olayapman. Navro‘z bayramida biz kabi imkoniyati cheklangan kishilarga ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan behad xursand bo‘ldik. Bu shodliklarni chizadigan suratlarimda aks ettiraman.
Karimberdi To‘ramurod, «Xabar.uz»ning maxsus muxbiri, Shuhrat Qarshiyev, «Kattaqo‘rg‘on tongi» gazetasi muharriri.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter