Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana 36 davlat fuqarolarining AQShga kirishiga cheklov o‘rnatilishi mumkin

Yana 36 davlat fuqarolarining AQShga kirishiga cheklov o‘rnatilishi mumkin

Tramp ma’muriyati yana 36 ta davlat fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarga kirishini taqiqlashni yoki qisman cheklashni rejalashtirmoqda.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio tomonidan imzolangan ichki telegrammada, ushbu mamlakatlar bilan bog‘liq ehtimoliy xavflar bayon qilinib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga chaqirilgan.

«Davlat departamenti 36 ta xavotirli davlatni aniqladi, mazkur mamlakatlar fuqarolari 60 kun ichida belgilangan mezonlar va talablarga javob bermasa, AQShga kirishlari qisman yoki to‘liq taqiqlanishi mumkin»,– deyiladi hujjatda.

To‘liq yoki qisman taqiqqa duch kelishi mumkin bo‘lgan davlatlar asosan Afrika va Okeaniyada joylashgan. Osiyo davlatlari orasida esa Butan, Kambodja, Qirg‘iziston va Suriya bor.

Shuningdek, telegrammada Davlat departamenti tomonidan bildirilgan muammolar orasida ba’zi mamlakatlarda shaxsni tasdiqlovchi ishonchli ma’lumotlarni taqdim eta oladigan vakolatli hukumatning yo‘qligi tilga olinadi.

Bundan tashqari, ba’zi davlatlar deportatsiya qilingan fuqarolarining AQShdan qaytishiga yordam berishda hamkorlik qilmaganliklari ham qayd etilgan.

Mazkur xavotirlar orasiga mamlakat fuqarolarining terrorchilik harakatlariga aloqadorligi yoki «antisemitik» va «amerikaga qarshi» faoliyatlar ham keltiriladi. Hujjatda bu sabablarning barchasi ham ro‘yxatda keltirilgan har bir davlatga tegishli emasligi ta’kidlangan.

«Biz amerikaliklarning xavfsizligini ta’minlash va xorijiy fuqarolar tomonidan qonunlarimizga rioya qilinishiga qaratilgan siyosatni doimiy ravishda ko‘rib chiqamiz. Davlat departamenti mamlakatimizni va uning fuqarolarini himoya qilishga, milliy va jamoat xavfsizligining eng yuqori standartlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir», – degan agentlikka bergan intervyusida yuqori lavozimli rasmiy.

Agentlikning yozishicha, bu joriy oy boshida e’lon qilingan taqiq bo‘yicha ro‘yxatning sezilarli darajada kengayishi bo‘ladi. O‘shanda mazkur ro‘yxatga kiritilgan davlatlar orasida Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman va yana yettita davlat bor edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring