Xushxabar: ikki yillik cheklovdan keyin Haj kvotasi keskin oshirildi
![Xushxabar: ikki yillik cheklovdan keyin Haj kvotasi keskin oshirildi](https://static.xabaruz.com/crop/3/6/720_460_95_3660920967.jpg)
Milodiy 2022, hijriy 1443 yilda bir million musulmon Makkada Haj amalini ado etish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi ma’lum qildi. Bir millionli kvota ham mahalliy, ham xorijlik ziyoratchilarni o‘z ichiga oladi.
Pandemiya sharoitida ziyoratchilarga nisbatan qat’iy talablar saqlanib qoladi. Bunga ko‘ra, Hajga otlangan musulmonlar albatta kovidga qarshi emlanganlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak. Qolaversa, ziyoratchilar podshohlikka kelishdan kamida 72 soat avval olingan COVID-19 testining manfiy natijasini taqdim etadi. Qayd etish joizki, joriy yil 65 yoshdan kichik bo‘lganlargagina Haj arkonlarini ado etishga ruxsat beriladi.
Saudiya koronavirus vabosi sabab so‘nggi ikki yil davomida Haj ziyoratini cheklashga majbur bo‘ldi. Pandemiyaga qadar har yili taxminan 2 mln musulmon Haj arkonlarini bajargan bo‘lsa, 2021 yilda 58745 nafar kishigina bu baxtga musharraf bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter