Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijlik ekspert Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida faoliyat boshladi

Xorijlik ekspert Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida faoliyat boshladi

Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Oliy ta’limni modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha xalqaro ekspert Bastian Baumann Oliy ta’lim tizimida ta’lim sifatini oshirish va uning xalqaro raqobatdoshligini ta’minlash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbarining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2019-yil 16-yanvardagi «Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar» to‘g‘risidagi 4119-sonli qarori asosida Davlat inspeksiyasi tarkibiy tuzilmasiga Maslahatchi lavozimi kiritilgan.

«Davlat inspeksiyasi faoliyatida ta’lim sifatini xalqaro darajada ko‘tarish, tan olingan xorijiy tajribalarni milliy ta’lim tizimi xususiyatlarini inobatga holda joriy etish, bu borada boshqa davlatlar yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamaslik, milliy ta’lim tizimini xalqaro ta’lim tizimiga integratsiyasini jadallashtirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, bu vazifalarni sifatli bajarish maqsadida ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha xalqaro darajada tan olingan ekspert Bastian Baumann maslahatchi lavozimiga tayinlandi. U o‘zining uzoq yillik tajribasi va malakasi bilan ta’lim sifatini xalqaro daraga ko‘tarishda bizga ko‘maklashadi» – deb ta’kidladi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Tashkenbayev.

Hozirda tajribali ekspert boshchiligida quyidagi yo‘nalishlarda ishlar amalga oshirilmoqda: Ta’lim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Boisi, hozirda 2006-yil 10-fevralda Vazirlar mahkamasining 21-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalari va nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom» asosida ish yuritib kelinmoqda. Lekin mazkur qarorning ko‘plab bandlariga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilganligiga qaramay, uning mazmun-mohiyati hozirgi shiddat bilan ilgarilab borayotgan ta’lim tizimi talablariga deyarli mos kelmasligi tez-tez ko‘zga tashlanib turibdi.

Bu borada mamlakat rahbarining «Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar» to‘g‘risidagi 4119-sonli qarorida ta’kidlanishicha 2019-yil 1-aprelga qadar ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Rejadagi qaror loyihasi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, undagi barcha qismlar xalqaro ekspert ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda, xususan janob Baumanning ko‘p yillik faoliyati davomida egallangan malaka va tajribalari asosida yanada takomillashtirilmoqda.

Shuningdek ish jarayonida «Oliy ta’limni modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida asosan quyidagi vazifalar ustida ish olib borilmoqda:

a) O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimining boshqaruv salohiyatini mustahkamlash;

b) Mehnat bozorida kadrlar sifati, dolzarbligi va tanlangan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv muhitini yaxshilash.

Yuqorida keltirilgan ta’lim tizimiga doir yechimini kutib turgan dolzarb muammolar haqida ham suhbatlar olib borilganda, tajribali ekspert tomonidan amaliy natijalar berishi mumkin bo‘lgan takliflar bildirildi. Xususan OTMlarda boshqaruv jarayonini yaxshilash maqsadida yangi asosiy menejer lavozimi ta’sis etilishi tavsiya qilindi. Mazkur lavozimga esa maxsus malaka oshirish kurslarida boshqaruvchilik tajribalarini puxta egallagan mutaxassislar tayinlanishi taklif sifatida keltirildi. Negaki, OTMlarda boshqaruv tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilishi mazkur muassasaning ko‘plab yo‘nalishlardagi samarali faoliyatini ta’minlashi mumkin.

Shu o‘rinda OTMlarga qabul kvotalarini belgilashda mustaqillik berish birdaniga emas, balki bosqichma-bosqich, turli faktorlarni inobatga olgan xolda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekanligini hayotiy misollar asosida ta’kidladi, qolaversa mustaqillik berish yoppasiga emas ayrim oliy ta’lim muassasalarida dastlab sinovdan o‘tkazib ko‘rilishi kelgusiga kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ko‘plab muammolarning oldini olishi mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish jarayonida ishtirok etuvchi ekspertlarni tanlashda katta e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlar muhokama qilindi.

Bastian Baumann – Xalqaro darajadagi huquqshunos, oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha Yevropa sifat kafolati agentligi(EQAA) boshqaruvchi direktori shu bilan bir qatorda quyidagi nufuzli xalqaro tashkilotlarda ekspert lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda: DAAD (Germaniya akademik almashinuv xizmati), ADEC (Abu-Dabi milliy sifatni kafolati agentligi), EQE (Gruziya milliy sifat kafolati agentligi), QQA (Bahrayn milliy sifat kafolati agentligi), SKVC (Litva milliy sifat kafolati agentligi) va boshqalar. Shuningdek Belorussiya, Misr, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi davlatlarda oliy ta’lim tizimida reformalar qilinishida katta hissa qo‘shgan, bu borada 17 yillik ish tajribasiga ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring