Xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lganlarga 2 mln. so‘mgacha qarz beriladi
28-noyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Mehnat vazirligi, «O‘zagrosug‘urta» AJ hamda «Mikrokreditbank» ATB o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik saytida xabar berildi.
Uch tomonlama hamkorlik munosabatlarini nazarda tutuvchi «Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mikroqarzlar taqdim etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi»ga ko‘ra vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijda ishga joylashish xarajatlarini qoplash maqsadida bir yil muddatga 2 million so‘m miqdorida mikroqarzlar taqdim etiladi.
Bunda mikroqarzlarni rasmiylashtirish jarayoni bir bank kunida amalga oshirilib, buning uchun pasport, ariza kabi minimal hujjatlar talab qilinadi.
Mikroqarzlarning yillik foizi 2019-2020-yillarda 10 foiz va 2021-yilda 12 foiz etib belgilangan.
Mazkur kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «labour-migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlariga beriladi.
Shuningdek, Mehnat vazirligi va «O‘zagrosug‘urta» AJ o‘rtasida «Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hayoti va sog‘lig‘i sohasida hamkorlik memorandumi» imzolandi.
Ushbu hujjat bilan fuqarolarning chet elda vaqtincha ishlashi davrida ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash sug‘urta mukofoti miqdorini qoplash uchun 50 ming so‘m miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etiladi.
Ushbu sug‘urta mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter