Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijdagi mulklarni qaytarishda Gulnora Karimovaning roli umuman yo‘q – Adliya vazirligi

Xorijdagi mulklarni qaytarishda Gulnora Karimovaning roli umuman yo‘q – Adliya vazirligi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Adliya vazirligi O‘zbekistonga mulklarni G.Karimovaning o‘zi qaytargani yoki qolgan mulklar bevosita u yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ta’kidlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga ko‘ra, 2019-yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaga nisbatan oldin olib borilgan tergov harakatlari bilan qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushdi. Bu esa yangidan ochilgan holatlar bo‘yicha yangi jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘ldi.

Tergov G.Karimova o‘ziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, jinoiy uyushmaga rahbarlik qilganligi, respublikaning sanoat korxonalarida faoliyat yuritib, unga jinoiy yo‘l bilan orttirilgan daromaddan ulush berib turgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, jinoiy ish materiallariga ko‘ra, G.Karimova fuqarolarga va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘li bilan o‘zlarining mulklarini unga qarashli kompaniyalarga qayta rasmiylashtirib berishga majburlagan.

Ish bo‘yicha tergov davomida G.Karimovaning qonuniy huquq va manfaatlarini u va uning yaqin qarindoshlari tomonidan jalb etilgan 7 nafar advokat himoya qildi. Bundan tashqari, barcha tergov tergov harakatlarida advokatlarning ishtiroki ta’minlandi va ularning hech qanday cheklovlarsiz G.Karimova bilan xoli uchrashishiga imkoniyat yaratib berildi.

Tergov tadbirlari davomida O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligining buzilishiga, shuningdek gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

2020 yil 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida G. Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

O‘tkazilgan sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi G. Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan G. Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015-yil 21-avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Oldin ko‘rilgan jinoiy ishlar, shuningdek, so‘nggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trln. so‘m va 165 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

Shu bilan birga, G.Karimovaga oid xabarlarda mulklarni qaytarish masalasi yana ko‘tariliyotganligi munosabati bilan Adliya vazirligi G.Karimovaga nisbatan boshqa davlatlarda ham tergov harakatlari olib borilayotganligini eslatib o‘tishni joiz deb hisoblaydi. Ushbu ishlar bo‘yicha G.Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mablag‘larni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urganlikda ayblanmoqda.

Xorijiy davlatlarda olib borilayotgan tergov materiallari va rasmiy manbalarda keltirilishicha, G.Karimova va unga aloqador shaxslar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa davlatlarda jinoiy yo‘l bilan bilan orttirilgan mablag‘larni yuvish bo‘yicha noqonuniy korrupsion sxemalar amalga oshirilgan.

Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular anchadan buyon G.Karimova (uning oila a’zolari)ning tasarrufida emas.

Shu bois, O‘zbekistonga mulklarni G.Karimovaning o‘zi qaytarganligi yoki qolgan mulklar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ta’kidlar huquqiy asosga ega emas va shu bois haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi,– deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring