Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Xorijdan ish taklif qilishganda nima qilmoq kerak?

Xorijdan ish taklif qilishganda nima qilmoq kerak?

Foto:«Uza.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijga ishga joylashtirishni taklif qilayotgan e’lonlarga tez-tez ko‘zimiz tushib turadi.

Ko‘pchilik bu e’lonlarga qay darajada ishonish mumkinligi, ular taklif qilayotgan ishlar rost yoki yolg‘onligi haqida so‘rashadi.

Masalan, yaqinda «Kanadaga 15 nafar o‘zbeklarni pitssa tashuvchi qilib ishga joylashtiramiz, falon pitsseriya bilan shartnomamiz bor» degan e’lonlarni soxtaligi, ularga ishonmaslik kerakligi haqida ogohlantirib chiqishgan edi.

Maslahatim shuki, bunday e’lonlarga ko‘zingiz tushsa, eng birinchi qiladigan ishingiz – ishga joylashtirishni taklif qilayotgan firmaning litsenziyasi bor-yo‘qligini tekshirish bo‘lsin.

Buning uchun Mehnat vazirligining rasmiy veb-saytidagi mana bu havolaga kirasiz:

Bu yerda xorijda va O‘zbekistonda ishga joylashtirish bilan rasman shug‘ullanadigan xususiy bandlik agentliklarining ro‘yxati berilgan.

E’tibor berish kerakki, xorijda ishga joylashtirish uchun albatta litsenziya olish shart va ro‘yxatda ham sal pastroqqa tushsangiz, litsenziyasi bor agentliklar alohida berilgan. Chunki xorijda ishga joylashning o‘ziga yarasha talablari bor, litsenziya berishdan avval vazirlikdagilar o‘sha agentlikni obdon tekshiradi.

Demak, mabodo xorijda ishga joylash haqida e’lon ko‘rib qolsangiz, yuqoridagi havolaga kiring va agentlik nomini qidiring. Agar litsenziya berilganlar ro‘yxatida chiqmasa, ularga umuman ishonmang. Ertaga aldanib qolishingiz mumkin.

Bu bilan hozirda litsenziya olgan 52 ta agentlik bilan umuman muammo chiqmaydi, deya kafolat bermoqchi emasman, lekin har holda buning ehtimoli ancha kam bo‘ladi.

Xullas, qonuniy ishlayotgan agentliklarga ishonishni tavsiya etaman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring