Xorazmda tug‘ruq paytida shifokorlar ona va bola o‘limiga sababchi bo‘lishdi
Xiva shahar IIB navbatchilik qismiga 2021-yil 3-fevral kuni soat 22.03da Xiva shahar, «Mevaston» mahallasi, K.Devoniy ko‘chasi, 10-uyda yashagan, 12.06.1985-yilda tug‘ilgan Madaminova Dinara Zafarboyevna Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida kesar kesish amaliyoti vaqtida vafot etganligi haqida xabar kelib tushgan.
Aniqlanishicha, 12.06.1985-yilda, Xiva shahrida tug‘ilgan fuqaro Madaminova Dinara Zafarboyevna 02.02.2021-yil kuni soat 11.40 larda Xiva TTBga qarashli akusherlik kompleksiga «4-homiladorlik, 4-tug‘ish, GR-40 hafta 6 kun, sohta tug‘ruq» tashxisi bilan qabul qilingan.
03.02.2021 yil kuni soat 10.30larda bemor D.Madaminovaga tug‘ruq chaqiruvchi maxsus «GLANDIN-Ye» dori vositasi qo‘llanilgan.
03.02.2021-yil kuni soat 18:05da bemor D.Madaminovada tug‘ruq faoliyati boshlangan, ushbu vaqtda unga «homiladorlik IV, 40 xafta 6 kun, tug‘ruq IV. tug‘ruqqacha qog‘onoq pardasini yorilishi, tug‘ruqning I-davri» tashxisi qo‘yilgan.
03.02.2021-yil kuni soat 18:35da (muntazam tug‘ruq faoliyati boshlanganidan so‘ng 20 daqiqa o‘tgach) bemor ahvoli keskin og‘irlashgan. Butun badanida og‘riq bo‘layotganligi, havo yetishmasligi, ko‘z oldi xiralashganligidan shikoyat qilgan. Es-xushi karaxt holatda, savollarga aniq javob bermagan, pulsi 1 daqiqada 110 zarba, arterial qon bosimi 80/40mm. simob ustuniga teng bo‘lgan, bachadon tonusi oshgan, homilada yurak urishi aniqlanmagan.
Shu kuni, soat 19:10da bemor D.Madaminovada keser kesish amaliyoti boshlangan, 19:13 da o‘g‘il jinsli chaqaloq o‘lik holda olingan. Chaqaloq vazni 4180 gramm, bo‘yi 53 sm. bo‘lgan. Soat 19:25da bemorda klinik o‘lim sodir bo‘lganligigi sababli keser kesish amaliyoti vaqtincha to‘xtatilgan va 20:40da amaliyot qayta davom ettirilgan.
Bemorga yuritilgan 428|51-sonli tibbiy bayonga ko‘ra, D.Madaminovada soat 22.40 da biologik o‘lim qayd etilgan.
O‘limdan keyingi tashxis: «bachadon ekstirpatsiyasidan keyingi xolat, yurak qon tomir yetishmovchiligi II-III darajasi, qon aylanishining buzilishi II-III darajasi».
Bundan tashqari, Xiva shahar, «Mevaston» mahallasi, K.Devoniy ko‘chasi, 10-uyda yashagan, 12.06.1985 yilda tug‘ilgan fuqaro Madaminova Dinara Zafarboyevna 2021 yilning 3 fevral kuni kesir kesish jarrohlik amaliyoti vaqtida Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida soat 22:40larda vafot qilganligi holati yuzasidan Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy Markazi Xorazm filiali tomonidan sud-tibbiy va komissiyaviy sud-tibbiy ekspertizalari o‘tkazilgan.
Jumladan, 20.02.2021-yildagi 5-sonli sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra D.Madaminova o‘limiga «bachadon bo‘yin orqa devori yirtilishi, kesir kesish amaliyotidan keyingi holat, bachadondan qon ketishi (postgemoragik shok) oqibatidagi o‘tkir yurak va qon tomir yetishmovchiligi» sabab bo‘lgan.
Ushbu o‘lim sababi Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy Markazi Xorazm filialining 02.03.2021-yildagi 108-sonli komissiyaviy sud-tibbiy ekspertiza xulosasi bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Shuningdek, 108-sonli komissiyaviy sud-tibbiy ekspertiza xulosasida D.Madaminovani davolash ishlari (ko‘rik, dori vositalari) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tug‘ruq muassasalarida perinatal yordam ko‘rsatishning sifatini oshirish bo‘yicha milliy standartlar hamda Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan belgilangan qoidalarga asosan to‘g‘ri tashkil qilinmaganligi, ya’ni yo‘ldoshning vaqtidan oldin ko‘chishi va qon ketishi bo‘lganidan operativ tug‘ruq amalga oshirilishi zarur bo‘lsada, D.Madaminovada kesir kesish jarrohlik amaliyoti davolovchi va navbatchi shifokorlar tomonidan kech boshlanganligi, amaliyot boshlashdan oldin bemor ahvoli to‘liq baholanmaganligi hamda D.Madaminovaning o‘limiga sabab bo‘lgan «bachadon bo‘yin orqa devori yirtilishi, kesar kesish amaliyotidan keyingi holat, bachadondan qon ketishi (postgemoragik shok) oqibatidagi o‘tkir yurak va qon tomir yetishmovchiligi» mas’ul shifokorlarning hatoliklarga yo‘l qo‘yganligi oqibatida kelib chiqqanligi, shuningdek, D.Madaminovaning ahvoli og‘irligi, gemodinamik ko‘rsatgichlarining pastligi akusher-ginekologlar tomonidan jarrohlik amaliyoti taktikasi noto‘g‘ri tanlanganligi, ya’ni yuqoridagi milliy standartlarga ko‘ra bachadon devori yirtilib, o‘tkir qon ketishi kuzatilganilganida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bachadon ekstirpatsiyasi o‘tkazish kerakligi qayd qilingan.
Bundan tashqari, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bemorni operatsiyaga o‘z vaqtida tayyorlab, operatsiya orqali uni chaqalog‘i olinganida, chaqaloq va bemorning hayotini saqlab qolish imkoni mavjud bo‘lgan.
Vaholanki, D.Madaminovaga nisbatan yuritilgan kasallik tarixida o‘lim sababi «bachadon ekstirpatsiyasidan keyingi xolat, yurak qon tomir yetishmovchiligi II-III darajasi, qon aylanishining buzilishi II-III darajasi» qilib ko‘rsatilgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Xiva shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasi bo‘yicha 03.03.2021-yilda bemor Madaminova Dinara Zafarboyevnaning Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida vafot qilganligi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganva hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter