Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xonandalarning litsenziyasi qanday asosga ko‘ra tugatiladi?

Xonandalarning litsenziyasi qanday asosga ko‘ra tugatiladi?

Foto: «Xabar.uz»

So‘nggi paytlarda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan bir qator xonandalarning litsenziyalari tugatilgani haqida xabarlar ko‘payib ketdi. Xabar matni asosan quyidagicha: «Litsenziat Palonchi Pistonchiyev bilan tuzilgan litsenziya bitimi talab va shartlari buzilgani sababli ushbu xonanda nomiga berilgan litsenziyaning amal qilishi «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi 354-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan paloncha kundan tugatilganini bildiramiz».

Tabiiy savol tug‘iladi: yuqorida aytilgan qonunning 23-moddasi va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizomning 37-bandida nimalar deyilgan? Ushbu savol ko‘pchilikni anchadan beri qiziqtirib kelayotgani bois biz bu haqda ma’lumot berib o‘tishga qaror qildik.

Xo‘sh, «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 22-24-moddalari aynan litsenziyalarni tugatishga atalgan.

22-modda. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish

Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:

litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;

litsenziyalovchi organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini litsenziat zimmasiga yuklovchi qarori litsenziat tomonidan bajarilmaganda.

Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalovchi organ tomonidan o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga, sud tomonidan esa o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lgan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.

Litsenziyalovchi organ yoki sud litsenziat litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat belgilashi shart. Bunda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun sud qarorida belgilangan muddat olti oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Litsenziat litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilgan litsenziyalovchi organ yoki sud ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomani olgan kundan e’tiboran litsenziyaning amal qilishini tiklash to‘g‘risida uch kun muddat ichida qaror qabul qilishi shart.

Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.

Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish va tiklash to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak.

23-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish

Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:

litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;

yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran, bundan uning o‘zgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘shib yuborilishi mustasno;

yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;

yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzganda;

litsenziat litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;

litsenziyalovchi organning litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;

litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyalovchi organ qaroriga binoan amalga oshiriladi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish ushbu moddaning birinchi qismi oltinchi—sakkizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda sud tartibida amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.

Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yo‘q qilinishi kerak.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi ma’lumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak.

Tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.

Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.

24-modda. Litsenziyani bekor qilish

Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:

ushbu Qonun 16-moddasining o‘n birinchi qismida (agar litsenziat unga litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan e’tiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan bo‘lsa, litsenziyalovchi organ mazkur litsenziyani bekor qilishga haqli. - tahr.) nazarda tutilgan holda;

litsenziat litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;

litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.

Litsenziyani bekor qilish ushbu moddaning birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda sud qaroriga, boshqa hollarda esa, litsenziyalovchi organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yo‘q qilinishi kerak.

Litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak.

Litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya u berilgan sanadan e’tiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.

Litsenziyalovchi organning litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning bekor qilinishini asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi».


Endi esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 354-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga nazar solamiz:

VIII. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish, litsenziyani bekor qilish

37. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish va to‘xtatish, uni bekor qilish «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.

Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, uni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud tomonidan litsenziyalovchi organning qarori asossiz deb e’tirof etilgan taqdirda litsenziyalovchi organ litsenziat oldida uning ko‘rgan zarari miqdorida javob beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring