Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyning Isroildagi elchisi uyidan o‘lik holida topildi

Xitoyning Isroildagi elchisi uyidan o‘lik holida topildi

Foto: «Tianxia.link»

Xitoyning Isroildagi elchisi Du Veyni Gersliyadagi uyidan o‘lik holida topishdi, deya xabar berdi «Yediot Axronot».

«Elchi karavotidan o‘lik holida topildi», — deya aniqlik kiritgan nashr.

Elchining o‘limi rasmiy matbuot brifingida uning o‘rinbosari Day Yumin tomonidan tasdiqlandi.

Garchi o‘lim sababi haligacha aniqlanmagan bo‘lsa-da, manbaning xabar berishicha, tunda elchining yuragi to‘xtab qolgan. Yordamchisi uni yotog‘ida o‘lik holida topgan.

U koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan fevral oyida elchi etib tayinlangandi. U 2016 — 2019-yillarda Xitoyning Ukrainadagi elchisi bo‘lgan.

Uning turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li bor.

Lavozimga tayinlanganidan ko‘p o‘tmay Du Xitoy elchixonasining «Facebook»dagi rasmiy sahifasida: «Dunyoni jiddiy pandemiya muammosi qurshab oldi va bu Isroilga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Isroil xalqi butun Xitoyga yordam ko‘rsatdi. Endi biz bu kasallikka qarshi kurashda sizlarga yordam berishni xohlaymiz», degandi.

Juma kuni u Xitoy elchixonasining rasmiy sayti orqali AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning koronavirusni yashirish haqidagi da’volarini rad etdi.

Xitoyning Isroildagi elchixonasining xabar berishicha, Pompeo uzoq yillar davomida Xitoy mahsulotlari, investitsiyalari va xalqini xavfsizlikka tahdid deb hisoblaydi, lekin o‘z da’volarini tasdiqlash uchun hech qanday dalil keltirmaydi.

«Ishonamizki, do‘stlarimiz nafaqat koronavirusni, balki «siyosiy virus»ni ham yengib, o‘z manfaatlariga mos keladigan yo‘lni tanlaydilar», — deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda o‘lim sababi aytilmayapti, holat o‘rganilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring