Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy va Rossiya Turkiy davlatlar tashkilotiga «qanday ko‘z bilan qaraydi»?

Xitoy va Rossiya Turkiy davlatlar tashkilotiga «qanday ko‘z bilan qaraydi»?

Joriy yil  10-11-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida OAV vakillari uchun tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida brifinglar hamda ekspertlar guruhi bilan suhbatlar tashkil qilindi.

Mazkur ma’noda Xabar.uz muxbiri ham siyosiy fanlar nomzodi, dotsent Bahrom Xo‘janovni suhbatga tortib, u bilan Turkiy davlatlar tashkiloti hamda uning mintaqa davlatlari bilan kelgusidagi munosabatlari qanday bo‘lishi haqida so‘rab oldi.

Siyosiy tahlilchi Bahrom Xo‘janovga ko‘ra, har qanday xalqaro tashkilot to‘laqonli bo‘lishi uchun bir sohanigina emas, balki bir necha sohalarni qamrab olishi kerak bo‘ladi. Bu jihatdan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ham tarixiy-madaniy sohalardagi hamkorlik bosqichidan o‘tib, ayni vaqtda nafaqat madaniyat, balki a’zo davlatlarning iqtisodiy-siyosiy munosabatlarini, qolaversa, xavfsizlik sohasini ham qamrab olayotgani ko‘zga tashlanyapti.

Xalqaro ahamiyatdagi tashkilotning bunday muammolar bilan shug‘ullanishi esa davr talabi hisoblanadi.

«Samarqand sammiti oldidan ko‘pchilik mahalliy hamda xorijiy tahlilchilar tadbir ahamiyati haqida gapira turib, uning yangi bir bosqichni boshlab berganligi haqida fikrlarini bildirishmoqda. Bu fikrlarga qo‘shilish mumkin. Ammo geosiyosat, xalqaro munosabatlardagi kuchlar muvozanati nuqtai nazaridan, har qanday xalqaro munosabatdagi o‘zgarayotgan jarayon, davlatlararo munosabatlarning rivoji – qaysidir davlatlarning manfaatlari va ularning geosiyosiy raqobatiga ham sabab bo‘lishi turgan gap.

Biz masalaga shu jihatdan qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonning TDTga a’zo bo‘lib kirishi tashkilotning nufuzini yanada orttirdi. Biz buni bevosita O‘zbekistonning yaqin qo‘shnichilik siyosati hamda mazkur tamoyilning tadrijiy bir rivojlanishi sifatida ko‘rsak bo‘ladi.

Ikkinchi tomondan esa tashkilotga a’zo bo‘lmagan va a’zo davlatlarga bevosita chegaradosh bo‘lgan mintaqadagi yetakchi kuch markazlari, masalan, Xitoy va Rossiyaning ham, albatta tashkilot faoliyatiga nisbatan o‘z qarashlari bo‘ladi.

Aksariyatimizda «Turkiy davlatlarning rivojlanish va istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorligiga Rossiya va Xitoyning munosabati qanday» degan mazmunda savol paydo bo‘lishi tabiiy.

Bugungi kunda bo‘layotgan voqealar fonida, status-kvo nuqtai nazaridan gapiradigan bo‘lsak, Rossiya o‘zining ichki siyosiy holati, yoki slavyan dunyosidagi muammolari bilan ovora deb aytishimiz mumkin. Rossiya o‘zining an’anaviy tarzda aloqa o‘rnatib kelayotgan hamkorlari bilan do‘stona munosabatni davom ettirishdan manfaatdor. Bu jihatdan Rossiya o‘zi bilan hamkorlik qilib kelgan, deylik, Markaziy Osiyo davlatlarining tashkilot doirasidagi aloqalari rivojlanishiga monelik qilishi qiyin bo‘ladi. Yoki boshqacha aytganda, Rossiya hozirgi kunda bundan manfaatdor ham emas.

Xitoy masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak...

Ko‘pchilik aytganidek, Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan, turkiy dunyodagi bunday jipslashuvni o‘zlarining xavfsizliklari uchun tahdid yoki an’anaviy borliq uzra nazoratni o‘tkazib kelgan makondan ajralish deb qarashi, geosiyosatning tabiati nuqtai nazaridan, to‘g‘ri. Lekin hozirgi paytda Xitoy har qanday muammolar bo‘lmasin, ularning yechimida O‘zbekiston singari iqtisodiy masalani birinchi o‘ringa qo‘yib kelmoqda. Xitoyning Afg‘oniston masalasidagi pozitsiyasini bunga misol qilib keltirish mumkin. Turkiy davlatlar tashkilotining yadrosini Markaziy Osiyo davlatlari tashkil qiladi, deb qarsak va Xitoyning iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga e’tibor qaratayotganini inobatga olsak, aynan mintaqada bevosita Xitoyning bir nechta loyihalari bor.

Masalan,  «Bir makon – bir yo‘l» loyihasi uchta yo‘nalishda bo‘lsa, ularning ikkitasi Buyuk ipak yo‘li chizig‘i bo‘ylab o‘tadi. Iqtisodiy masalani ustuvor ko‘rayotgan Xitoy uchun esa savdo yo‘lagi muhim. Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida katta iqtisodiy loyihalardan «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» transport yo‘lagi hamda yaqin kelajakda xuddi shunday umidli loyihalardan biri – Kavkaz bilan bevosita bog‘liq holatda yuzaga kelishi mumkin. Bu janub tomonga Kobul yo‘lagi bo‘lsa, Kavkaz tomonga Naxichevan yo‘lagi deganidir. Naxichevan yo‘lagi istiqbolli loyihalardan biri bo‘lib, Xitoy uchun har ikki loyiha manfaatli hisoblanadi. Demoqchimanki, turkiy davlatlarning birlashayotgani, jipslashayotgani Xitoy uchun unchalik muhim masala emas, balki iqtisodiy masalalar muhim bo‘ladi», – deydi Bahrom Xo‘janov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring