Xitoy Ukrainadagi vaziyatni o‘nglash rejasini e’lon qildi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish rejasini e’lon qildi.
12 banddan iborat hujjatda tinchlik muzokaralarini qayta boshlash va harbiy harakatlarni to‘xtatish, shuningdek, tomonlarni barcha mamlakatlar suverenitetini, BMT Nizomini hurmat qilishga va sovuq urush mentalitetidan voz kechishga chaqirdi.
«Muloqot va muzokaralar Ukraina inqirozining yagona samarali yechimidir. Inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga hissa qo‘shadigan barcha sa’y-harakatlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash kerak. Xalqaro hamjamiyat tinchlik muzokaralarini osonlashtirishga to‘g‘ri yondashishga sodiq qolishi lozim», — deyiladi hujjatda.
Rejada gumanitar inqirozni bartaraf etish, tinch aholi va harbiy asirlar himoyasini ta’minlash, shu jumladan, ularni almashish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish taklif qilingan. Shuningdek, atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlash, yadroviy mojarolar va kimyoviy yoki biologik qurollardan foydalanish xavfini kamaytirish zarurligiga e’tibor qaratiladi.
Kelishuvning iqtisodiy masalalari doirasida Qora dengiz kelishuvi bo‘yicha don eksportini osonlashtirish, bir tomonlama sanksiyalar va jahon iqtisodiyotidan siyosiy maqsadlarda foydalanishni to‘xtatish, ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarini tiklash taklif qilingan.
Reja yakunida Pekin mojaro tugaganidan keyin Ukrainani qayta tiklashga yordam berishga chaqirdi va bu ishda konstruktiv rol o‘ynashga tayyorligini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter