Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy: Paxta terimiga oid yashirin holatlar fosh etildi

Xitoy: Paxta terimiga oid yashirin holatlar fosh etildi

Foto:«BBC»

Xitoy Shinjon muzofotida yashovchi yuz minglab uyg‘urlar hamda boshqa kam sonli elatlarni majburiy ravishda paxta terimiga jalb etmoqda, deb xabar beradi BBC o‘z tekshiruvlariga asoslanib. BBC jurnalistik tekshiruv davomida hukumat hujjatlari, davlat matbuoti xabarlari hamda mahalliy aholi bilan suhbatlarga tayangan.  

«Nazarimda, ushbu holatning fosh etilishi tarixiy ahamiyat kasb etadi. Biz ilk bor nafaqat kiyim tikish, balki paxta terimi jarayonida ham majburiy mehnatdan foydalanish holati mavjudligini tasdiqlovchi dalillarni qo‘lga kiritdik. Bu vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartiradi. Negaki, Shinjon Xitoy bo‘yicha 85 foiz, dunyo bo‘yicha esa 20 foiz paxtani beradi», – deydi Vashingtondagi Kommunizm qurbonlarini xotirlash jamg‘armasi ilmiy xodimi, doktor Adrian Zens.

Xitoy ma’muriyati 2016-yildan Shinjon-uyg‘ur muxtor hududida «qayta tarbiyalash lagerlari”ni barpo eta boshladi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ushbu lagerlarda radikal qarashdagi fuqarolar qayta tarbiyalanadi. Ammo kuzatuvchilar qamoqni yodga soluvchi lagerlarda uyg‘ur ham boshqa kam sonli musulmon elatlarning diniy-milliy o‘zligidan mahrum etishga qaratilgan chora-tadbirlar qo‘llanayotganini aytmoqda.

2018-yildan esa «qayta tarbiyalash lagerlari» yonida yirik fabrika va zavodlar ham qurila boshladi. Qayd etilishicha, Xitoy ma’muriyat shinjonlik musulmon elatlarni mehnat orqali «eskirgan qarashlar»dan xalos etib, zamonaviy, dunyoviy hamda kommunistik partiyaga sodiq fuqarolarga aylantirishni ko‘zlagan.

So‘nggi jurnalistik tekshiruvlar esa Shinjondagi elatlar, xususan, uyg‘urlar «qayta tarbiyalash» maqsadida og‘ir va mashaqqatli qo‘l mehnati sanalgan paxta terimiga ham jalb etilayotganini ko‘rsatmoqda.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi BBC so‘roviga javoban Shinjondagi barcha etnik guruhlar o‘z ixtiyoriga ko‘ra mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishini ma’lum qilgan. Rasmiy Pekinga ko‘ra, majburiy mehnat xususidagi ayblovlar G‘arb tomonidan o‘ylab topilgan uydirmadir. 

«Shinjonda istiqomat qiluvchi barcha millat vakillarining kulib turgan chehrasi yolg‘on va mishmishlarni rad etuvchi eng yaxshi dalildir», – deb javob bergan Xitoy TIV.

Avval xabar berganimizdek, Avstraliya strategik siyosat instituti (The Australian Strategic Policy Institute, ASPI) joriy yil sentyabr oyida e’lon qilgan tadqiqotida Xitoy ma’muriyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida uyg‘ur hamda boshqa millatlarga mansub musulmonlarni tutqunlikda saqlash uchun maxfiy lagerlarni ko‘paytirayotgani haqida ma’lumot bergan edi. Qayd etilishicha, musulmonlarni «qayta tarbiyalash lagerlari» tarmog‘i jahon hamjamiyati tasavvur qilganidan ham kattaroqdir.

Joriy yil mart oyida esa  Avstraliya strategik siyosat instituti Xitoy hukumatining bosimi ostida o‘n minglab uyg‘ur hamda boshqa elatlarga mansub musulmonlar qullik sharoitida mehnat qilayotgani xususida hisobot e’lon qilgan edi. Musulmonlar majburiy mehnatga jalb etilgan korxonalar ro‘yxatida 83 ta mashhur brend, jumladan, BMW, Samsung, Apple, Lenovo, LG, Dell, Nike, Zara, Adidas, H&M va boshqa shirkatlar borligi qayd etilgan.

Jahon hamjamiyati Xitoy hukumati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmonlarni xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda tutqunlikda saqlayotgani borasida xavotir bildirib kelmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mazkur holatni qoralagan.

AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoyda boshlangan tozalash siyosatidan keyin Shinjonda  yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlar yopiq lagerlarda tutqunlikda saqlanmoqda.

Departament hisobotida qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan.

Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda.

 

C.Calim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring