Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xirmon to‘lib to‘kildi don...

Xirmon to‘lib to‘kildi don...

Foto:Bakhtiyor Mustanov

Samarqand viloyati Narpay tumanining g‘allakorlari respublikada ikkinchi bo‘lib davlatga don sotish rejasini bajardilar. G‘allakorlarni tabriklagani tumanning bosh xirmoni, Oqtosh don qabul qilish korxonasiga bordik. Tuman hokimining o‘rinbosari Dilmurod Doniyorov bilan suhbatlashdik.

Foto:Bakhtiyor Mustanov

− Tumanimizdagi 365 ta fermer-dehqon xo‘jaligi 5890 gektar yerga g‘alla ekdi. Bu yil dehqonchilik uchun juda og‘ir yil bo‘ldi. Suv har qachongidan ham taqchil bo‘ldi, tag‘in bu yil bahorda yomg‘ir ham bo‘lmadi, ammo dehqonlarimiz qattiq mehnat qilib, bir hovuch suvni isrof qilmay, vaqtida g‘allaga mahalliy va mineral o‘g‘itlarni berib, begona o‘tlardan tozalab, yaxshi hosil yetishtirdilar. Tumanimizga «Andijon-2», «Tanya», «Krasnodar-99» kabi ertapishar navlarni ekkanimiz uchun bug‘doy boshqa tumanlarga qaraganda oldin pishib yetildi. Shuning uchun ertaroq hosilni yig‘ib olishga kirishdik. Viloyat hokimiyati ham bu borada yordam berib, hali g‘alla o‘rimiga tushmagan boshqa tumanlardagi kombaynlarni bizga yordamga yubordi. Natijada tashkil etilgan o‘n bitta o‘rim otryadidagi 38 ta kombayn yordami bilan o‘n kunda davlatga g‘alla sotish rejasini bajardik. Davlatga 18155 tonna bug‘doy sotishimiz kerak edi. Shundan 4000 tonnasi urug‘lik don edi. Xursand bo‘lgan joyimiz shuki, Surxondaryo, Qashqadaryo kabi dehqonchiligi bizdan ikki-uch hafta oldin yuradigan tumanlardan ham avval g‘allamizni o‘rib-yig‘ib oldik. O‘rtacha 33 sentnerdan hosil oldik.

− O‘rimni tugatdingizlarmi, o‘rilmagan g‘allazorlar qolmadimi?

− Hali o‘rilmagan g‘alla maydonlari anchagina. Rejadan ortig‘i fermerlarning mulki. Istasa davlatga sotadi, istasa dehqonliriga bo‘lib beradi, istasa, bozorga chiqarib sotadi. Albatta, biz bug‘doylarini o‘rib beramiz. Bundan tashqari urug‘lik uchun ekilgan bug‘doyzorlarimiz ham bor, hali bu maydonlarga kombaynlar kirgani yo‘q. Ularni ham o‘rib, yig‘ib olamiz. Bu donlarni tozalab, qayta ishlab, kelasi yili ekish uchun fermerlarimizga tarqatamiz.

− Eng ko‘p g‘alla topshirgan fermerlarni ayta olasizmi?

− Hamma fermerlarimiz yaxshi ishladi, «Shukur Jabborov», «Mulla Burxon», «Zarbdor umid mash’ali» kabi fermer-dehqon xo‘jaliklari rejani oshirib bajarishdi, «Oybek» MTP esa viloyat bo‘yicha birinchi bo‘lib g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi.

− G‘alla uchun haq qanday to‘lanayapti?

− Fermerlarimiz bir kilo bug‘doy uchun 750 so‘mdan haq olishayapti. Hosiliga qarab, juda yaxshi daromad qilayotgan, 150-200 million so‘m sof daromad topayotgan fermerlarimiz bor.

− Tumanimiz g‘alla o‘rim-yig‘imiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi, har bitta texnikaning kichik bir murvatigacha takror-takror ko‘zdan kechirib, o‘rimga shay qilib qo‘ydik, − deydi Narpay tumani hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Abduqahhor Tojiyev. – O‘n bitta otryadga birikkan kombaynchilar to‘xtovsiz g‘alla o‘rayapti. Yuk mashinalari peshma-pesh donni xirmonga yetkazib turibdi. G‘allaning somoni ham darhol yig‘ishtirib olinmoqda, hatto ekindan bo‘shagan dalalarimiz darhol shudgor ham qilib qo‘yilmoqda. Shunday qilsak, shudgorlab qo‘yilgan yerlarimiz qishda yaxshi dam olib, kelgusi yil mo‘l hosil berishga tayyor bo‘ladi.

Foto:Bakhtiyor Mustanov

Biz ilg‘orlar sifatida sanalgan fermerlardan biri, «Shukur Jabborov» fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Jabborovning dalasiga bordik. Ochig‘i, baland o‘sgan, bo‘liq bug‘doylarni ko‘rib, ko‘zimiz yashnadi. Boshoqlarni qo‘limizga olib, tosh bosadigan serhosil bug‘doy yetishtirilganiga amin bo‘ldik. «Keys» kombaynlari bug‘doyni bir tekis qilib o‘rayotganini, hatto somonni ham zamonaviy texnika ayni damning o‘zida toylab ketayotganini ko‘rib, zavqimiz keldi.

− Men birinchi bo‘lib «Andijon-2» navini olib kelib ekdim. Juda serhosil nav ekani o‘zimni ham xursand qildi. 80 sentnerdan hosil tushayapti. Albatta, shunga yarasha mehnat ham qildik, − dedi Bahodir Jabborov. − Mana, ko‘rayapsiz, g‘alla bir tekis o‘sgan, ichida bitta ham begona o‘t yo‘q. Buning o‘zi bo‘lgan emas. Dehqonlarim g‘allaning ichidan chiqmadi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Vaqtida o‘tadik ham, suvini ham berdik, mahalliy o‘g‘itini ham, mineral o‘g‘itini ham berdik. Natijada ko‘zni quvontiradigan hosil yaratdik.

− Daromad qanday bo‘ladi endi?

− Daromadimiz ham mehnatimizga yarasha bo‘ladi, inshoolloh. Qilgan xarajatlarimizdan tashqari 200 million so‘m sof daromadni mo‘ljallab turibmiz.

− Halolingiz bo‘lsin! – olqishladim Bahodir Jabborovni. – Ayting-chi, siz qanday fermer bo‘lgansiz, qaysi institutni tugatgansiz?

− Bilasizmi, men hech qayerni tugatmaganman, − kuldi Bahodir. – Otamning institutida o‘qiganman. Fermer xo‘jaligini ham otam tashkil qilgan. Men otamga yordam berib yurib, dehqonchilik sirlarini o‘rganganman. Otam yilning kelishini bilardi. Dalaga nima eksa, bu yil pul bo‘lishini bilardi. Ekinlarga qachon ishlov berish, qachon suv quyish, qachon oziqlantirish kerakligini birovdan so‘ramasdi. Mana, otamning ishlarini bugun men davom ettirayapman, otamning o‘gitlari qo‘l kelib, mehnatimga yarasha daromad olayapman. Oilamning ham, qo‘l ostimdagi dehqonlarimning ham kayfiyatlari zo‘r!

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring