Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xalqqa hisobdor davlat». Qozog‘iston elchisi mamlakatning asosiy maqsadi haqida gapirdi

«Xalqqa hisobdor davlat». Qozog‘iston elchisi mamlakatning asosiy maqsadi haqida gapirdi

25 oktyabr Qozog‘istonda Respublika kuni sifatida bayram qilinadi. 1990 yilning mazkur sanasida Qozog‘iston Davlat mustaqilligi to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilingan edi.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda ushbu sananing tarixiy ahamiyatiga to‘xtalar ekan, ko‘p millatli mamlakatda davlatchilikni qurish sinovlarga boy kechganini aytdi.

«Respublika kunini nishonlar ekanmiz, biz mamlakatimiz mustaqillik yillarida qanday yo‘lni bosib o‘tgani va istiqbolda oldimizga qanday maqsadlarni qo‘yishimiz kerakligi borasida mushohada qilamiz. Chunki bu kun mustaqillikka erishish ramzi bo‘lib qolmay, mamlakatning kelgusi ravnaqi uchun birlik va jipslikni qo‘llab-quvvatlash qanchalik muhim ekaniga eslatma hamdir», – deydi B.Atamqulov.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston 1991 yilda mustaqillikka erishgach, ko‘p millatli davlatda tinchlikni saqlash, iqtisodiyotni mustahkamlash va demokratik institutlarni shakllantirishdek og‘ir vazifa kun tartibiga chiqqan. Tarixning ana shunday mushkul pallalarida xalq birligi asqotgan.

«Mangu Vatan» milliy g‘oyasi qozog‘istonliklarning birlik, tinchlik va o‘zaro ahillikka intilishini aks ettiradi. Qozog‘iston – 130 dan ziyod etnik guruh va 18 ta diniy konfessiya uchun umumiy uydir. Ana shunday xilma-xillik muhitida elatlararo totuvlik modelini yaratdik va u xalqaro miqyosida e’tirof etildi», – deydi diplomat.

Mamlakat xalqi taraqqiyotning hozirgi bosqichida «Adolatli Qozog‘iston»ni barpo etishga bel bog‘lagan. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ilgari surgan bu g‘oya har bir fuqaro munosib tarzda hayot kechirishi va ertangi kunga ishonch bilan yashashini anglatadi.

«Adolatli Qozog‘iston g‘oyasi har bir fuqaroga teng huquq va imkoniyatlarni anglatib qolmay, iqtisodiyotdan siyosatga qadar – jamiyat hayotining barcha jabhalarida shaffoflikni ta’min etishni taqozo qiladi. Bu borada hukumat faoliyati fuqarolar va jamiyat tomonidan nazorat etilishi ta’minlangan, samarali va hisobdor davlatchilikni qurish muhim vazifa sanaladi», – deydi Qozog‘iston elchisi.

Hozirda olib borilayotgan siyosiy islohotlar (ko‘p partiyaviy tizimni kuchaytirish, parlament va mahalliy vakillik idoralari faoliyatini jonlashtirish), iqtisodiy o‘zgarishlar (adolatli va  inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash), ijtimoiy yangilanishlar (ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish) ham shu maqsadga qaratilgan.

Diplomat 2022 yilda mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘tkazilgan referendum huquqiy davlat qurish yo‘lida muhim qadam bo‘lgan deb hisoblaydi.

«Qozog‘iston tinchlik, hamkorlik va muloqotga yo‘nalgan faol tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda ham katta yutuqlarga erishdi. Mustaqillikning ilk yillarida qabul qilingan ko‘p vektorli tashqi siyosat mamlakatimizga global jarayonlarning muhim ishtirokchisi bo‘lishga yo‘l ochdi», – deydi suhbatdoshimiz.

Elchi B.Atamqulov Qozog‘iston va O‘zbekiston yaqin ittifoqchi va strategik hamkorga aylanganini ham mamnuniyat bilan qayd etdi.

«Mamlakatlarimizni tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot kabi mushtarak qadriyatlar birlashtiradi. Bu turli sohalarda yaqin hamkorlik asosi bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, keyingi yillarda Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorligi juda ham mustahkamlandi. Xalqlarimizning qardoshlik va o‘zaro hurmati butun mintaqadagi barqarorlik va farovonlikni ta’min etishda muhim omil sanaladi», – deydi u.

Diplomatga ko‘ra, munosabatlarning kun sayin mustahkamlanishida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stlik va samimiy hurmat muhim o‘rin tutadi. 

Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston elchisi Beybut Atamqulov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring