Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Xalqning qarg‘ishi yashindan kuchli

Xalqning qarg‘ishi yashindan kuchli

Foto: «Fresher»

Ustozimiz Tohir Malikni ziyorat qildik. Ko‘p ibratli narsalarni hikoya qilib berdi.

− Onamiz opamiznikida edi, betob bo‘lib qolibdi, − deb esladi ustoz. – Bir muddat o‘sha yerga duxturlarni chaqirib qaratdik, naf bermadi. Akam uyiga olib bordi. U yerda kattaroq duxturlar qarashdi, naf bo‘lmadi. Ikkovlari ham ko‘p qavatli uy, ya’ni domda turishardi. «Bularnikida ko‘p turdingiz, endi o‘zimizning uyga yuring», — deb onamizni otamizdan qolgan loyshuvoq uyimizga olib keldim. Ertasiga hech narsa bo‘lmaganday ro‘zg‘orga kuymalanib ketgan onam shu bilan kasalni unutdi. Shunda bir narsani angladim: beton uylar odamning quvvatini so‘rib olarkan, beton devorlar ichidagi metall armaturalar odamning qon tomirlariga ta’sir qilib, ularning ishi buzilishiga sabab bo‘larkan. O‘shanda donishmandlarning «Oyog‘ing yerga, ya’ni tuproqqa tegib tursin» degan o‘gitlari nechog‘lik to‘g‘ri ekanini his qildim. Oldin kinna soladigan momolarimiz bemorlarga kinna solgach, «Bor, anovi o‘rikni yo olmani quchoqla» deyishining asil sababini tushunganday bo‘ldim. Daraxtni quchoqlash barobarida odamning oyog‘i yerga tegar ekan va har xil zararli, ya’ni manfiy quvvat, zaryadlar yerga o‘tib ketarkan. Bilasizmi, bu nimaga o‘xshaydi? Quruvchilar uylarni qurganda uyga, montyorlar tok o‘tkazganda simyog‘ochlarga yashinqaytargich o‘rnatishadi. Buning otini «zazemleniye» deyishadi. Bu nima uchun kerak? Uyga yo elektr simlariga yashin urilganda uning quvvati yerga o‘tib ketadi. Axir yashin, chaqmoq degani juda katta elektr quvvati degani. Bu narsa yerga o‘tib ketmasa, katta fojialarga sabab bo‘ladi, uylarni yoqib yuboradi.

Karimberdi To‘ramurod yozuvchi Tohir Malik bilan

Odamning ham oyog‘i yerga tegib turishi xuddi ana shu narsaga o‘xshaydi. Beton uylarda yashab, oyog‘i deyarli yerga tegmayotgan odamlarda «zazemleniye» bo‘lmagani uchun turli xastaliklar ularga ergashib yuradi, barcha salbiy zaryadlar tanasida qolib ketaveradi, yerga o‘tib ketmaydi.

Ustozning bu hikoyasini tinglab o‘tirib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning prokurorlar, sudyalar va boshqa amaldorlarga qarata «Sizlarning oyoqlaringiz yerdan uzilib qolgan, ey kattakonlar, yerga tushinglar, xalq uchun ham ishlanglar!» deganlari yodimga tushaverdi. Ammo men shu topda ana shu kattakonlarga ichim achib o‘tirdim. Nega?

Axir «oyog‘i yerdan uzilib qolgan kattakonlar»ning «zazemleniye»si yo‘q-da. Ularni yashinmi, chaqmoqmi, balomi ursa, uning qudratli quvvati yerga o‘tib ketmaydi-da. Xalqning qarg‘ishida esa yashindan ham, chaqmoqdan ham katta quvvat bo‘ladi. Ana shu quvvat yerga o‘tib ketmasa, anovi kattakonni yoqib, kul qiladi-ku?!

To‘g‘ri, birorta kattakon o‘zini «oyog‘i yerdan uzilgan» deb hisoblamaydi. Hatto butun boshli tumanlar aholisini haromiga chiqarib yuborgan kattakon ham o‘zini xalqparvar ko‘rsatadi, «Shu elni, shu xalqni deb so‘kdim» deydi. Kap-katta jurnalistlar ham topilib qoladiki, «E, bu odam shu xalqni deb (garchi u xalq «haromi» bo‘lsa ham!) kechalari uxlamaydi» deb sulagarchilik qilishadi.

Ammo kattakon zoti borki, kattami, kichikmi, hammasiga murojaat qilmoqchiman: hurmatli kattakonlar, iltimos, oyog‘ingiz yerga tegib tursin! Avvalo, siz ham yerdan bino bo‘lgansiz, shuning uchun ham o‘zingiz bino bo‘lgan ona yer bilan bog‘lanib turasiz. Qolaversa, oyog‘ingiz yerga tegib tursa, boshingizga keladigan balolar vujudingizni yoqib kul qilmasdan yerga o‘tib ketadi. Azbaroyi sizga achinganimdan shu gapni aytdim!

Oyog‘ingiz yerga tegib tursa, yerdan uzilmasa, prezidentimiz aytganiday, sizdan Yaratgan ham, xalq ham rozi bo‘ladi!

Kattakonlar, o‘zingizni ehtiyot qiling, oyog‘ingiz yerga tegib tursin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring