Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shaytanat»: va’da qilingan 21-qism qani?

«Shaytanat»: va’da qilingan 21-qism qani?

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik asari asosida suratga olingan «Shaytanat» videofilmi bir nechta telekanalda namoyish etildi. U orada hech bir sababsiz 20 yil mobaynida ko‘rsatilmagan edi. Yaqinda esa yana bir nodavlat telekanali orqali namoyish etildi. Ammo hali-hanuz «Shaytanat»ning 20 ta qismi ko‘rsatilyapti, xolos. Va’da qilingan 21-qism qani?

2016-yili bergan intervyusida «Shaytanat» filmi rejissyori, prodyuseri va bosh rol ijrochisi Yodgor Sa’diyev turmush o‘rtog‘ining ruhini shod etish uchun so‘nggi qism ustidagi ishlarni yakunlash niyatida ekanligini aytgan edi:

— Bundan bir necha yil ilgari «Shaytanat»ning 21-qismini suratga olib qo‘ygandik. Montaj qilinmagan edi. Turmush o‘rtog‘im, shuni oxiriga yetkazing, deb o‘zi ham ko‘rmay ketdi. Hozir uning shu iltimosini bajaryapman. Montaj tugadi va endi ovozlashtirish ishlarini nihoyasiga yetkazsak, uning iltimoslaridan birini bajargan, ruhini shod qilgan bo‘laman.

2019-yilda Yodgor Sa’diyev «Yutub»dagi «Intervyu-TV» kanaliga bergan intervyusida 21-qism yakuniy bo‘lishini ma’lum qilgan edi.

— Men shu bilan «Shaytanat» serialini tugatdim, — degandi u. — Buyog‘iga qadam ham bosmayman. Chunki Tohir akaning ham so‘zini olganman. Shu bilan tugataman desam, yaxshi qilibsiz, degan.

Eslatib o‘tamiz, «Shaytanat»ning so‘nggi 21-qismida Nozim To‘laxo‘jayev va Ulug‘bek Qodirov kabi aktyorlar ham rollar ijro etishgan.

Xo‘sh, 21-qism qachon ko‘rsatiladi? Shu savol bilan Yodgor Sa’diyevga murojaat qildik.

— Biz uni avval bir telekanalda reklama qilib, keyin premerasini o‘tkazamiz, — dedi Yolgor Sa’diyev. — Falon vaqtdan kinoteatrlarda qo‘yiladi, deymiz. Uni katta premera qilib qo‘ymoqchimiz. Filmning namoyishidan oldin aktyorlarni chaqirib, sahnaga chiqarib o‘tkazamiz.

— So‘nggi qismni Tohir Malik ko‘rganmi?

— Ha, ko‘rsatganman. Ma’qul bo‘lgan.

— Premera qachon? Kuni aniqmi?

— Yo‘q, hali noma’lum, — deb javob berdi Yodgor Sa’diyev.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring