Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro tashkilotlar Buyuk Britaniyaga Isroil borasida talab qo‘ydi

Xalqaro tashkilotlar Buyuk Britaniyaga Isroil borasida talab qo‘ydi

Ikki oydan buyon Britaniya bo‘ylab G‘azoda qirg‘inni to‘xtatishga qaratilgan ommaviy namoyishlar o‘tkazilmoqda.

Foto: AP

Dunyoning yetakchi inson huquqlari tashkilotlari Buyuk Britaniyadan Isroilga qurol sotishni to‘xtatishni talab qildi. Human Rights Watch, Amnesty International, Campaign Against Arms Trade va War on Want tashkilotlari mas’ullari tomonidan imzolangan murojaatda London Tel-Avivga taqdim etayotgan harbiy texnika xalqaro huquq me’yorlarining qo‘pol ravishda buzilishiga xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlangan.  

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Isroil harbiylari joriy yil  7 oktyabrdan buyon G‘azoda davom etayotgan urush davomida tibbiy muassasalar, turarjoylar, maktablar, qochqinlar boshpanalari, suv va elektr ta’minoti tizimiga noqonuniy hamlalar uyushtirdi. Isroil bombardimonlarida minglab tinch aholi vakillari o‘ldirildi, 1,9 milliondan ziyod falastinlik boshpanasini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

«Isroilga yetkazib berilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnika xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishiga, jumladan, harbiy jinoyatlarga xizmat qilishi ehtimoli juda katta. Shunga muvofiq Buyuk Britaniya hukumati (Isroilga) harbiy texnika va texnologiyalar yetkazishga doir amaldagi litsenziyalarni bekor qilishi va yangi litsenziyalar berishni to‘xtatishi kerak. Chunki Isroil mudofaa armiyasi (G‘azoda) ko‘p sonli jiddiy qonunbuzarliklar, jumladan, harbiy jinoyatlarni sodir etmoqda», – deyiladi talabnomada.

Ingliz qonunchiligida xalqaro huquq poymol etilishi ehtimoli mavjud bo‘lgan vaziyatlarda Londonning qurol-aslaha sotish uchun ruxsatnoma berishni taqiqlashi belgilangan.

«Ushbu talabning bajarilmasligi oqibatida Buyuk Britaniya hukumati milliy qonunchilik va xalqaro majburiyatlarini buzishi va jiddiy qonunbuzarliklarga sherik bo‘lishi mumkin», – deb ogohlantiradi xalqaro tashkilotlar.

Campaign Against Arms Trade ma’lumotlariga qaraganda, 2015 yil may oyidan buyon Buyuk Britaniya Isroilga 472 million funt sterlinglik (593 million dollar) qurol-yarog‘, shuningdek, jangovar uchoq, raketa va tanklar uchun ehtiyot qismlar yetkazib bergan. Jumladan, ayni paytda G‘azoga bomba yog‘dirayotgan F-35 qiruvchi samolyotlarining 15 foiz ehtiyot qismini Isroil inglizlardan oladi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 10 va 11 oktyabr kunlari Isroil armiyasi G‘azo sektori hamda Livan hududiga oq fosfor bombasini tashlagan edi. Dunyodagi aholi eng zich yashaydigan mintaqada oq fosfor qo‘llanishi xalqaro gumanitar huquqqa zid ekani bois keskin tanqidga uchragandi.

Xalqaro tashkilotlar London ma’muriyati e’tiborini yana bir karra ushbu faktga qaratgan.

Ma’lumki, G‘azoning 2,3 million aholisi ikki oydan buyon suv, oziq-ovqat, elektr energiya, yonilg‘i va tibbiy xizmatdan mahrum holda jon saqlamoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qamaldagi hududda yuqumli kasalliklar yanada keng tarqalishidan ogohlantirgan.

Yetakchi inson huquqlari tashkilotlari yuz minglab aholini bu tariqa ommaviy jazolash harbiy jinoyat ekanini urg‘ulagan.

Avvalroq Human Rights Watch AQSh va Yevropa mamlakatlari Falastin–Isroil ziddiyati borasida ikkiyuzlamachilik qilayotgani haqida bayonot bergan edi.

To‘rt tashkilot nomidan yo‘llangan talabnomada ham Londonga xalqaro huquq ijrosiga doir majburiyatlari qayta-qayta eslatilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil G‘azoga bostirib kirganidan buyon 18600 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, 50500 dan ziyod falastinlik jarohatlandi.

Buyuk Britaniya AQSh kabi an’anaviy ravishda Isroilning yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan. G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi oshib borayotgan bir vaqtda ingliz siyosiy doiralarida va jamoatchilik orasida xunrezlikka chek qo‘yish talabi balandroq ovozda yangramoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring