Xalqaro jinoiy guruh nishon sifatida Toshkentni tanladi (video)

Ukrainalik fuqarolar uyushgan jinoyatchilar hamda maxsus moslama yordamida «Orient Finance Bank»ni o‘marmoqchi bo‘lganida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan ushlangani haqida xabar bergandik. «O‘zbekiston» telekanalida ushbu hodisa tafsilotlariga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi.
DXX va Ichki ishlar vazirligi xodimlarining hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari natijasida poytaxtimizdagi banklardan birida katta miqdordagi pulni o‘g‘irlash uchun chet eldan kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi, deyiladi ko‘rsatuvda.
Aniqlanishicha, mazkur guruh turli davlatlardagi banklarni o‘marish bilan shug‘ullanib kelgan. Xususan, 2015-2018 yillarda 50 dan ortiq jismoniy shaxsning banklarda saqlanayotgan 3,5 million AQSh dollari miqdoridagi pullari aynan ushbu guruh tomonidan ustamonlik bilan o‘g‘irlab ketilgan. Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Makedoniya kabi davlatlar bank muassasalarining himoya tizimlari ularning oldida ojizlik qilgan.
Makedoniyadagi banklarning birida amalga oshirilgan o‘g‘irlikdan so‘ng guruh a’zolari Turkiyaning Istanbul shahrida uchrashishadi va keyingi nishon sifatida O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri tanlashadi.
Guruh a’zolarining maqsadi Toshkentdagi banklarning birida mijozlarga tegishli shaxsiy qutichalarda saqlanayotgan pullarni qalbaki kalitlar yordamida o‘g‘irlash bo‘lgan. Buning uchun avvaliga bank binosi ko‘zdan kechirilgan. So‘ngra guruh a’zolaridan biri bank hisobraqamlaridan foydalanish bahonasida valyuta hisobraqami ochgan. Ikkinchisi esa ijaraga depozit quticha olgan.
Jumladan, o‘g‘rilik rejalashtirilgan bankda o‘z qutisini tekshirish bohonasida 18 marta mijozlar qutisi saqlanadigan xonaga kirib chiqqan va 140 ta qutichaning pultini maxsus videokameraga muhrlashga ulgurgan. Bu ishni Ukraina fuqarosi, Vyacheslav Sheremet bajargan.
Jinoyatga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish maqsadida guruh yetakchisi, AQSh fuqarosi Aleks Toshkent shahriga keladi. So‘ng guruhning yana bir a’zosi bir necha bor sudlangan Ukraina fuqarosi Alek Dubrovskiy bilan «O‘zbekiston» mehmonxonasida uchrashadi hamda rejalashtirilayotgan o‘g‘irlik masalasini muhokama etishadi. Qirg‘izistondan kalit yasovchi maxsus uskuna keltiriladi. Ukrain fuqarosi Vladislav Buts ushbu uskuna yordamida videotasvirlarga qarab 18ta qutacha kalitini yasaydi.
Aleks va Dubrovskiy ma’lum muddatdan so‘ng biri Olmota shahriga, ikkinchisi esa Nyu York shahriga uchib ketadi. Vladislav Buts va Vyacheslav Sheremet esa Toshkentda qo‘lga olinadi.
Hozirda qo‘zg‘atilgan ish doirasida tergov-surishtiruv ishlari olib borilib, guruhning boshqa a’zolarini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter