Xakerlar Xitoy politsiyasi bazasini «buzishdi». Uyg‘urlar haqidagi ma’lumotlar sizdirildi
Qamoqxonalardagi voqeliklar, maxfiy hujjatlar va «ekstremistik qarashlar» hamda «nifoq chiqarish maqsadidagi provokatsiyalar» uchun sudlangan shaxslar haqidagi suratlar e’lon qilindi.
Xakerlar Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi ikki politsiya bo‘limining kompyuter tizimlaridagi fayllarni yuklab olib, uyg‘urlarga nisbatan qo‘llanilayotgan qiynoqlarni o‘rganuvchi antropolog Adrian Sensga topshirgan. Olim o‘zi olgan ma’lumotlar asosida veb-sayt yaratdi va uni xalqaro media konsorsiumiga yubordi, deb xabar bermoqda BBC.
Xalqaro tadqiqotchi jurnalistlar konsorsiumining 2019 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Shinjondagi lagerlarda sudsiz hibsga olingan millionga yaqin mahbuslar, asosan uyg‘urlar saqlanadi.
Xaker qo‘lga kiritgan fayllar orasida 2018 yilda politsiya bo‘limlarida olingan besh mingdan ortiq uyg‘urlarning fotosuratlari bor. Sensning xulosasiga ko‘ra, xakerlik hujumi vaqtida suratlari ommaga oshkor bo‘lganlarning 2884 nafari hibsda bo‘lgan, qolganlari esa biometrik ma’lumotlarini olish uchun jalb qilingan.
BBC bu ma’lumotlar 2018 yilgacha to‘planganini ta’kidlaydi. Jurnalistlar buni 2019 yil boshida Xitoy rasmiylari hujjatlarni shifrlash standartlarini kuchaytirgani bilan izohladi. Shu sababli asosiy ma’lumotlarni xakerlar qo‘lga kirita olishmagan.
Ma’lumotlar bazasida qo‘llari kishanlangan odamlar ortidan tayoq va miltiq ko‘targan qo‘riqchilarning suratlar ham bor. «Bu xavfsizlik mashqlari bo‘lganmi yoki yo‘qmi, aniq emas», — deb yozadi «USA Today» nashri. Sensning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslarni qo‘rqitish uchun bunday yurishlar o‘tkaziladi va suratga olinadi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi, Xitoyning Fransiya, Buyuk Britaniyadagi elchixonalari OAV so‘rovlariga javob bermagani aytiladi. Xitoyning AQShdagi diplomatik missiyasi matbuot kotibi Lyu Penyuyning aytishicha, Shinjonda sodir bo‘layotgan voqealar «inson huquqlari va din bilan emas, balki terrorizm, radikallashuv hamda separatizmga qarshi kurashish bilan bog‘liq».
Qayd etilishicha, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet 28 maygacha Xitoyda qoladi. U Shinjonga tashrif buyuradi. Bacheletning tashrifi, Xitoy rasmiylariga ko‘ra, «ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish»ga olib kelishi kerak. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I esa BMT komissarining mamlakatga tashrifi «Xitoy haqidagi yolg‘onlarni yo‘qqa chiqarishiga» umid bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter