Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Voyaga yetmaganlarni «ko‘chaga olib chiqqan» bloger sudda javob beradigan bo‘ldi

Voyaga yetmaganlarni «ko‘chaga olib chiqqan» bloger sudda javob beradigan bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta voyaga yetmaganlar Toshknet shahar Chilonzor tumanidagi ko‘chalardan birida «Aslam sila», deb baqirayotgani aks etgan video tarqaldi.

Poytaxt IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 24-fevral kuni taxminan soat 15.30 larda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining blogini yurituvchi yutuber, 2004-yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyatida yashovchi Aslambek Bahromov Chilonzor tumanidagi «Magic City» ko‘ngilochar maskani yaqinidagi avtoturargoh oldida fan klub a’zolarini chaqirib, ular bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi bo‘lgan va ularga sovg‘alar tarqatishligini bildirgan.

Uchrashuvga taxminan 130-140 nafarga yaqin voyaga yetmagan bolalar yig‘ilgan va jamoat tartibini buzib shovqin-suron ko‘targan. Shu hududda xizmat olib boruvchi Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari tartibsizlikni oldini olish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida A.Bahromovni ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan. Xodimlar A.Bahromovni olib ketayotgan vaqtida bir nechta voyaga yetmaganlar uning ketidan avtomashinagacha kuzatib borishgan. So‘ng uchrashuvga yig‘ilganlarning barchasi tarqalgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan A.Bahromovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga taqdim etilishi aytildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring