Voyaga yetmagan bola onasidan otasiga olib berildi. Sabab?

Sud qarorlarini ijro qilishdek g‘urbat ish yo‘q desak, mubolag‘a bo‘lar-ov, ammo ijrochiga ko‘pam rohat baxsh etmaydiyam-da. Pul undirish yoki mol-mulk taqsimotiga oid ijro hujjatlari-ku o‘z yo‘liga, sovuqqonlik bilan amallasa bo‘lar, biroq voyaga yetmagan bolani otasidan onasiga (yoki aksincha) olib berishga doir ishlar uncha-muncha ijrosi diydasi qattiq ijrochining ham kiprigini namlatadi.
Majburiy ijro byurosining Yashnobod tuman bo‘limi ish yurituvida shu mazmundagi («bolani olib berish») ijro ishi bor edi deng. E’tiborlisi, unda voyaga yetmagan bolani onaga emas, aksincha, undan (tuqqan onadan) otasiga olib berish ko‘zda tutilgandiki, ijro jarayoni hind kinolaridagi sahnalarga aylanib ketishi ehtimoli yuqoriday tuyulgandi.
Biroq kutilmaganda hammasi (nisbatan) yengilroq kechsami?! Qisqasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining da’vogar N. S.ga (ota) javobgar N.N.dan (ona) voyaga yetmagan o‘g‘lini olib berish haqidagi hal qiluv qarori otiqcha janjal-to‘palangsiz ijro etildi.
Nima, javobgar (ona) onalik huquqida mahrum etilganmidi?
Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Amonovaning «Xabar.uz»ga bergan izohiga ko‘ra, javobgar onalik huquqidan mahrum etilmagan, balki bolaning o‘zi otasi bilan yashash xohishini bildirgan va sud ham uning fikrini inobatga olgan. Ikkinchidan, mahalla fuqarolar yig‘inining ham bola ota tarbiyasida bo‘lmog‘i lozim, mazmunida xulosayam bor... Shu ikki holatning o‘zi ko‘p narsadan darak beradiki, mayli, chuqurlashmaylik, muxbir aka, MIBning ishi muhokama emas, balki ijrodir. Ijro ishi nihoyasiga yetdi, shukr...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter