Vengriya. To‘rt bolali ona daromad solig‘idan ozod etiladi, yetti o‘rinli mashina esa suvtekinga beriladi
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘tgan yakshanba (10-fevral) kuni mamlakatda tug‘ilishlar sonini oshirish uchun rag‘batlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Bu ko‘p bolali oilalar uchun imtiyozli soliqlar, subsiyalar va kreditlarni o‘z ichiga olgan jiddiy qadam.
Orbanning nazarida Vengriyaga xorijdan kirib kelayotgan muhojirlar oqimi yo‘liga qo‘yiladigan yagona to‘siq va najot bu — mamlakatda tug‘ilishlar sonini keskin oshirishdir.
Orban qanday qilib tug‘ilishni ko‘paytirmoqchi?
Uning chora-tadbirlar dasturiga ko‘z yugurtiramiz:
- Kamida to‘rtta farzandni tug‘ib, tarbiyalayotgan ayollar bir umrga daromad solig‘idan ozod etiladi.
- 40 yoshgacha bo‘lgan va birinchi marta nikohdan o‘tayotgan ayollarga 31 500 yevrogacha kam foizli kreditlar beriladi. E’tibor bering: mana shu olingan qarzning uchdan bir qismi ayol ikkinchi farzandini tug‘ishi bilan bekor qilinadi, agarda u to‘rtinchi marta ona bo‘lsa — olgan kreditidan batamom qutuladi!
- Ikki va undan ortiq bolali oilalarga uy-joy sotib olishda ko‘maklashuvchi kredit dasturi kengaytiriladi.
- Ikkinchi farzand tug‘ilganidan so‘ng hukumat ipoteka uchun 3 150 yevro beradi, uchinchi farzanddan so‘ng esa — 12 580 yevro. Undan keyin tug‘ilgan farzandlarning har biri uchun 3 150 yevrodan berish ko‘zda tutilgan.
- Bola uch yoshga to‘lguniga qadar bobo va buvilar to‘lanadigan dektret ta’tili olishlari mumkin.
- Bolalar bog‘chalari tarmog‘i kengaytiriladi: 2022-yili 21 mingta yangi o‘rinlar ochilishi rejalashtirilgan.
- Hukumat uch va undan ortiq farzandi bor oilalarga 7 o‘rinli avtomobil sotib olishi uchun 7 862 yevro subsidiya beradi.
Yevropadagi demografik vaziyat
Yevropada, migratsiya hisobga olinmaganda, aholi soni o‘sishi uchun har bir ayol o‘rtacha 2,1 nafardan bola tug‘ishi kerak. Sotsiologlar ayni shu ko‘rsatkich tug‘ilishni musbat darajada saqlab qoladi, deb hisoblashmoqda.
Biroq, Yevrostat ma’lumotlari qoniqarli emas: 2016-yili Yevropa Ittifoqida tug‘ilish koeffitsiyenti har bir ayol uchun 1,6 ni tashkil qildi. Vengriya nega qadamni kattaroq tashlashga urinayotganiga sabab shuki, bu mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti 1,45 ga teng, ya’ni Umumevropa darajasidan ham quyida.
YeIning hatto tug‘ilish ko‘rsatkichlari eng yuqori Fransiya (1,92) va Shvetsiya (1,88) kabi mamlakatlarida ham ahvol yaxshi emas.
Shu boisdan ham hozircha Yevropa aholisi uzoq umr ko‘rish, chetdan muhojirlar kirib kelishi kabi omillar hisobiga ushlab turilibdi va o‘sib boryapti. Xalqaro amaliy tizimli tahlil instituti hamda Vena instituti olimlari YeI aholisi 2050-yilgacha 5 foizga kamayishi haqida gapirishmoqda. Biroq tashqi migratsiya omili nazarda tutilsa, 2050-yili YeI aholisi 6,6 foizga oshadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter