Vaziyat keskinlashmoqda. O‘zbek-afg‘on davlat chegarasi yopildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi va qator manfaatdor tashkilotlar taklifiga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi Afg‘oniston Islom Respublikasida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganligini inobatga olib, o‘zbek-afg‘on Davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.
Shu bilan birga, Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarolariga turistik vizalar berishni hamda turistik firmalardan viza talabnomalarini qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi.
Bunda «Termiz-avtoyo‘l» chegara o‘tkazish punkti orqali quyidagi toifadagi fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi:
- diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a’zolariga;
- xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga;
- o‘z yurtiga qaytayotgan O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarolariga.
Shuningdek, «Termiz-avtoyo‘l» chegara o‘tkazish punkti orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan o‘tkazish punktida faoliyat yuritayotgan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.
Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari esa tegishli hududda joylashgan maxsus klinikalarga davolash uchun yuboriladi.
Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan chet el fuqarolari esa O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritilmaydi.
Bundan tashqari, sinov tariqasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib kelgan barcha shaxslardan, respublika hududiga kirib kelganlaridan so‘ng 7-kuniga qadar koronavirus infeksiyasiga polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvini o‘tkazish va bunda test xarajatlarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash tizimi joriy etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter