Vazirlikning 84 nafar xodimi yashashi uchun Toshkentdagi mehmonxonaga salkam 1 milliard so‘m sarflandi
Investitsiya va tashqi savdo vazirligining 84 nafar xodimi 22 kun davomida Toshkent shahridagi mehmonxonada yashab, ovqatlangani uchun qariyb 1 milliard so‘m to‘lov amalga oshirilgan. Bu haqda «Kun.uz» nashri xabar bermoqda.
Davlat xaridlari bo‘yicha ochiqlangan ma’lumotga ko‘ra, vazirlikning 84 nafar xodimi Toshkent shahrida joylashgan Inter Hotel (sobiq Intercontinental) mehmonxonasida 22 sutka yashab, uch mahal ovqatlangani hamda mehmonxona anjumanlar zalidan foydalangani uchun 918 million 677 ming 500 so‘m to‘lov amalga oshirilgan.
Vazirlik va mehmonxona o‘rtasida tuzilgan 7 aprel kungi shartnomaga qo‘shimcha qilingan hujjatga muvofiq, har bir xodimning mehmonxonada yashab, ovqatlanishi bir sutka uchun 515 ming so‘mga baholangan. Anjumanlar zalidan 22 sutka foydalanish uchun esa 77 million 402 ming so‘m to‘lab berilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu shartnoma Loyiha boshqaruvi milliy agentligining tegishli xatiga asosan mehmonxona bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan.
Nashr muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xodimlari nima sababdan Toshkentdagi mehmonxonada 22 kun yashagani haqida savol yo‘llagan.
Ushbu xabarga: «Vazirlik xodimlari nima uchun mehmonxonada yashaganligi hozircha rasman ma’lum qilinmadi, lekin katta ehtimol bilan ular koronavirus chiqqanligi sababli karantinda bo‘lishgan.
Bu hali bittagina vazirlikning aniqlangan xarajati xolos. Yana boshqa juda ko‘plab davlat organlari ham xodimlarini xuddi shunday turli mehmonxonalarda karantinda saqlashgan edi. Buning uchun davlat budjetidan jami qancha xarajat ketgan ekan-a, qiziq», deya munosabat bildirgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter