Vazirliklarga aniq amaliy takliflar ishlab chiqish topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni chorvachilik va bog‘dorchilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda aholini arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash borasida qilingan ishlar yetarli emas, deb baholangani to‘g‘risida xabar bergandik.
Kun tartibiga bog‘dorchilik sohasiga doir masalalar ham qo‘yildi. Joriy yilning 9 oyida meva-sabzavot eksporti qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Bo‘sh yerlardan unumli foydalanish, talab yuqori bo‘lgan ekin navlarini yetishtirish natijasida kelgusida ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Prezidentimiz bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hali talab darajasida emasligini ta’kidladi. Xususan, Qibray va Toshkent tumanlarida mavjud bog‘larning 912 gektari yoki 20 foizi, tokzorlarning 164 gektari yoki 13 foizi eski va samarasizligi aniqlangan. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan 1 400 gektar lalmi, shuningdek g‘alla ekilayotgan 4 040 gektar yerlar mavjud. Ushbu tumanlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi 19 ta korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda.
Shu bois, meva-sabzavotga ixtisoslashgan barcha 55 ta tumanda bog‘dorchilik sohasida mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Unga ko‘ra, xorij bozorlarida o‘z tovar belgisiga ega bo‘lgan eksportchilar hamda qayta ishlash korxonalari ishtirokida ushbu tumanlarda kooperatsiyalar tashkil etiladi. Har bir tumanda ekinlarni joylashtirish kooperatsiyalar taklifi bo‘yicha amalga oshiriladi, ular bog‘ va tokzorlarga ko‘chatlarni yetkazib berish, hosildorlikni oshirish yuzasidan ko‘maklashadi. Shuningdek, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan har bir tumanda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirish uchun o‘quv markazlarini ochish vazifasi qo‘yildi.
Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yangi tizimni joriy etish, kooperatsiyalarni moliyaviy ta’minlash yuzasidan aniq amaliy takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarning pirovard maqsadi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yiliga 5 milliard dollarga yetkazishdan iborat.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter