Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil «vahshiyona jinoyat»da ayblandi

Isroil «vahshiyona jinoyat»da ayblandi

1400 yillik tarixning yakson qilinishi. Foto: Reuters

Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi eng qadimiy me’moriy obida sanalgan Umar masjidini vayron qildi. HAMAS harakati ko‘hna masjidning bombalanishini «vahshiyona jinoyat» deb atagan. 

Xalqaro axborot agentliklari tarqatgan video va fotosuratlarda Umar jome’ masjidi xonaqohi vayron etilgani, omon qolgan yagona tosh minorada ham darzlar paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Falastin turizm va tarixiy meros vazirligi xalqaro hamjamiyat, xususan, YuNESKOni amaliy harakatga da’vat qilgan.

«Me’moriy obidalarga hujum uyushtirish va ularni yo‘q qilish bilan bog‘liq jinoyatlar dunyo hamjamiyati hamda YuNESKOni tamaddun va madaniyatga daxldor merosni saqlash bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlarga undashi kerak», – deyiladi bayonotda.

Rim, yunon va islom an’analarini mujassam etgan masjid G‘azoning me’moriy durdonasi edi.

Falastinliklar ilk o‘rta asrlarga oid me’moriy durdonaning vayron qilinishidan darg‘azab bo‘lgan. Xususan, 45 yoshli Ahmad Nemer Reuters agentligi muxbiri bilan suhbatda masjid bombalanganidan tili kalimaga kelmay qolganini aytar ekan, Isroilni tarixiy xotirani o‘chirishga urinishda ayblagan.

«Buyuk masjid» deb ataladigan jome’ga 634 yilda Umar ibn al-Hattob roziyallohu anhu xalifaligi davrida asos solingan va u ulug‘ sahoba nomi bilan atalgan. Masjid V asrda qurilgan va 614  yilda vayron qilingan ibodatxona o‘rnida qad rostlagan.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoning eski shahar qismida joylashgan masjid tabiiy ofat va urushlarda bir necha bor vayron qilingan va qayta tiklangan. 

Isroil armiyasi HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azo hududida keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. Isroil aviahujumlari oqibatida G‘azoda 17500 ga yaqin tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. 47 mingga yaqin kishi jarohatlandi. Daraksiz yo‘qolgan yoki vayronalar ostida qolganlar soni ham bir necha minglarni tashkil etadi.

Falastin tomoni Isroilning so‘nggi hujumlari oqibatida G‘azodagi 104 ta masjid va 3 ta cherkov vayron qilinganini bildirgan. Aviahujumlarda, jumladan, 1000 yillik tarixga ega Avliyo Porfiriy yunon pravoslav cherkovi ham yakson etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring