UZTELECOM operator va provayderlar uchun narxlarni yanada arzonlashtirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» mavzusida soha korxonalari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi.
Anjuman davomida mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek 2020-yil 5-oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni, Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, «O‘zbektelekom» AK tomonidan 2020 yilda mamlakat operatorlari va provayderlariga ko‘rsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlari narxlarini pasaytirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilganligi haqida «O‘zbektelekom» AK bosh direktorining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Zufarov to‘xtalib o‘tdi.
IP-transport xizmatlari bo‘yicha «Ma’lumotlarni uzatish magistral va multservis tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida «O‘zbektelekom» AK tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, joriy yilda transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 2 barobarga (400 Gbit/s. gacha), tuman markazlarigacha esa 4 barobarga (40 Gbit/s. gacha) oshirilgan.
Mazkur loyiha bo‘yicha ishlarning asosiy qismi yakunlanganligi munosabati bilan, 2021-yil 1-yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxini 2 barobarga arzonlashtirilmoqda.
Transport tarmog‘i o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va narxlarini arzonlashtirish operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Har bir foydalanuvchi uchun xizmat narxini arzonlashtirish, barcha toifadagi abonentlar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2020-yil noyabr oyidan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Mbit/s tezlikdagi kanal narxi oldingi tariflarga nisbatan 20 % ga arzonlashtirilib, 45 022 so‘m deb belgilandi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab mazkur xizmat narxi 40 000 so‘mgacha arzonlashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumani davomida kelgusida mo‘ljallangan sohaning taraqqiyot istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
«O‘zbektelekom» AK mamlakatimiz iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasi uchun qulay vosita va ishonchli poydevor hisoblanadi.
«O‘zbektelekom» AK aholi, biznes sub’yektlari, davlat idoralari, shuningdek O‘zbekistonning operator va provayderlari uchun ilg‘or raqamli operator bo‘lishga intilmoqda. Kompaniyaning bosh vazifasi – eng keng doirada qo‘llash uchun zamonaviy raqamli infratuzilmani taqdim etishdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter