O‘zbekistonga turkiyalik Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar tashrif buyuradi
O‘zbekiston milliy universiteti rahbariyatining rasmiy taklifiga binoan Shimoliy Karolina universiteti (AQSh) Biokimyo va biofizika professori, 2015 yil Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar 2018 yilning 15-22 oktyabr kunlari O‘zbekiston tashrif buyuradi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, O‘zMU rektori, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) Toshkent vakolatxonasiga tashrif rejalashtirilgan.
Tashrifning ikkinchi kuni O‘zMUda “Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” deb nomlangan xalqaro ilmi anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda respublika hamda xorijiy davlatlardan yetakchi olimlar, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, vazirliklar va elchixonalar vakillari ishtirok etadi. Konferensiya doirasida professor Aziz Sanjar O‘zMU Faxriy doktori unvoni taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur konferensiya olimning hayoti va ijodiga bag‘ishlanadi.
Tashrif davomida professor Aziz Sanjar bakalavriat, magistratura, doktorantura tahsil oluvchilari va tadqiqotchilarga “DNKning tiklanishi, saraton va kimyoviy davolash” mavzusida onlayn ma’ruza o‘tadi. Mazkur ma’ruza respublikaning barcha OTMlari videokonferensiya studiyalarida translyasiya qilinadi.
Shuningdek, professor Aziz Sanjarning “Fan va milliy taraqqiyot” mavzusida O‘zbekiston yosh olimlariga murojaati rejalashtirilgan.
Bundan tashqari olim O‘zMUning Tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etadi.
Shu yilning 18-21 oktyabr kunlari professor Aziz Sanjar Urganch, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarining tarixiy me’moriy obidalarini ziyorat qilish uchun tashrif buyuradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter