Uydagi chorva mollari qanday sug‘urtalanadi?
Aholi xonadonlarida va chorvachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.
Mazkur holatda «O‘zagrosug‘urta» AJning hududiy filiallari va boshqa sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta qilinadi. Sug‘urtalanadigan chorva hayvonlari — yuridik va jismoniy shaxslar tasarrufida bo‘lgan qoramol, qo‘y, echki, ot, tuya, cho‘chqa, parranda, baliq, mo‘ynali hayvonlar va asalari.
Hujjatda, chorva hayvonlari turiga bog‘liq holda, sug‘urta qilinadigan sug‘urta tavakkalchiliklari keltirilgan: yong‘in, bo‘ron, dovul, suv toshqini, zilzila, qattiq sovuq tushishi natijasida muzlab qolishi, zaharlanish, transport hodisalari, portlash, ko‘chki, yirtqich hayvonlar hujumi, o‘g‘irlanish, majburan so‘yilish va boshqa hollar.
Sug‘urta shartnomasi yuridik shaxslar bilan ularning murojaatiga ko‘ra ixtiyoriy tuziladi. Jismoniy shaxslar bilan sug‘urta shartnomasi ularning murojaatiga ko‘ra sug‘urta mukofoti to‘langandan so‘ng sug‘urta polisi berish yo‘li bilan tuziladi. Bunda jismoniy shaxslarga beriladigan sug‘urta polisi —sug‘urta shartnomasi hisoblanadi. Sug‘urta polisi jismoniy shaxslarga cug‘urta mukofoti to‘langan kunda, yuridik shaxslarga sug‘urta mukofoti to‘langandan so‘ng 3 kun muddatda beriladi.
Sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari, shuningdek sug‘urta shartnomasini o‘zgartirish va muddatidan oldin bekor qilish tartibi belgilandi. Sug‘urtalash jarayoni tasdiqlangan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
Sug‘urtalovchi quyidagi holatlarda sug‘urta hodisasini tan olmaydi va hayvonlarga yetkazilgan zarar uchun sug‘urta tovoni to‘lamaydi:
- hayvonlar sug‘urta shartnomasi kuchga kirgan kundan so‘ng 20 kun muddatda kasalliklar oqibatida nobud bo‘lsa, majburan so‘yilsa yoki yo‘q qilinsa;
- sug‘urta qildiruvchi imkoniyati bo‘lgan holda, sug‘urta hodisasi bo‘lganligi to‘g‘risida o‘rnatilgan muddatlarda xabar bermasa va natijada sug‘urta hodisasi bo‘lganligini hamda yetkazilgan zararni aniqlab bo‘lmasa;
- hayvonlar Nizomda ko‘rsatilmagan sug‘urta tavakkalchiliklari yoki kasalliklar oqibatida nobud bo‘lsa, majburan so‘yilsa yoki yo‘q qilinsa;
- hayvonlar xo‘jalik maqsadlari uchun so‘yilgan bo‘lsa;
- sug‘urta qildiruvchi veterinar mutaxassisning davosiz kasalga chalingan yoki baxtsiz hodisaga duchor bo‘lgan hayvonni so‘yish haqidagi ko‘rsatmalarini bajarmaganligi tufayli hayvon nobud bo‘lsa;
- sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta hodisasi vaqtida va undan so‘ng hayvonlarni nobud bo‘lishining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilmagani natijasida qo‘shimcha nobud bo‘lgan hayvonlar uchun;
- sug‘urta qildiruvchi bila turib, yolg‘on va haqiqiy bo‘lmagan ma’lumotlarni taqdim etsa.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.09.2019-yildan kuchga kirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter