Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola konservalar o‘ta xavfli — shifokor

Uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola konservalar o‘ta xavfli — shifokor

So‘nggi oylarda yurtimiz aholisi orasida ovqatdan zaharlanish holatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Xo‘sh, ushbu xastalik nimasi bilan xavfli? Uning oldini olish uchun qanday qoidalarga amal qilish lozim?

Mazkur savollarga Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Anvar Shukurov javob berdi.

— Aksariyat xonadon bekalari yoz va kuz fasllarida meva-sabzavotlardan konservalar tayyorlab, qishga g‘amlab qo‘yadi, — deydi mutaxassis. — Biroq uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligi natijasida botulizm qo‘zg‘atuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, ya’ni kislorodsiz muhitda rivojlanib, o‘ta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.

Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.

O‘zida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hattoki o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmaganda o‘limga olib keluvchi eng og‘ir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.

Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga ta’sir etadi va organizmda turli o‘zgarishlarga olib keladi.

Bu holatda ko‘pincha nafas olish qiyinlashishi, og‘iz-tomoqning qurishi, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi hamda umumiy holsizlanish, ko‘ngil aynishi va qusish (ko‘pincha takrorlanadi), qorin sohasidagi og‘riq kabi belgilar namoyon bo‘ladi.

Bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.

Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa va zarur davo muolajalari o‘tkazilmasa, uning nafaqat sog‘lig‘i, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.

Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:

- uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;

- bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;

- banka qopqog‘i ko‘tarilgan (bombaj), shuningdek rangida o‘zgarish bo‘lgan konservalarni iste’mol qilmaslik;

- oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga e’tibor berish, savdo do‘konlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi xujjatlariga e’tibor berish;

- taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring