Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ustyurtda mahalliy iqlimga moslashgan sayg‘oqlar ko‘paymoqda

Ustyurtda mahalliy iqlimga moslashgan sayg‘oqlar ko‘paymoqda

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risida»gi Konvensiya (CMS COP14) doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu xujjat muhim ahamiyatga ega bo‘lib, xususan ikki davlat o‘rtasida ko‘chib yashovchi sayg‘oqlarni saqlab qolish bo‘yicha olib boriladigan ishlarni yengillashtirishi kutilmoqda.

Yer sharining atigi beshta hududida sayg‘oqlar yashaydi. Shulardan biri Ustyurt kengliklaridir. «Qizil kitob»ga kiritilgan sayg‘oqlar hudud ekotizimini saqlashda muhim ahamiyat kasb etib, cho‘llarning asl tabiiy muvozanatini barqarorlashtirish uchun xizmat qiladi.

Ammo sayg‘oqlarning ko‘payishiga to‘g‘anoq bo‘lib turgan zamonaviy faktorlar mavjud bo‘lib, eng avvalo O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida chegaralarga simto‘r tortilganini ko‘rsatib o‘tish lozim. 2011 va 2012 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida sayg‘oqlar simto‘r bo‘ylab yurgani va doimiy qishlov joyi bo‘lgan Ustyurt kengliklariga o‘ta olmay qolgani dalillar bilan tasdiqlangan edi.

Shuningdek Qozog‘iston hududida Jezkazgan-Beynau marshruti bo‘yicha qurilgan temir yo‘li ham migratsiya jarayoniga zarar yetkazdi. Ushbu loyiha sayg‘oqlarning bir yo‘la ikki turi – Bekmakda va Ustyurt sayg‘oqlarning migratsiyasini to‘sib qo‘ydi. Oqibatda Qozog‘iston hududida mavjud bo‘lgan hayvonlar to‘dasi O‘zbekiston dashtlariga o‘ta olmay qoldi.

E’tiborli tomoni, ushbu holat O‘zbekiston hududida alohida tur vujudga kelishiga sabab bo‘lyapti. Chegaraga simto‘r o‘tkazilishi oqibatida Qozog‘istonga o‘ta olmay qolgan sayg‘oqlar Ustyurt hududida doimiy ravishda qoldilar va mahalliy iqlimga moslashib ketdilar. Bugungi kunga kelib ushbu tur adadi 300-400 boshni tashkil qiladi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan CMS COP14 yalpi majlisi doirasida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Nurken Sharbiyev o‘rtasida memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida Ustyurt platosida yovvoyi hayvonlarning transchegaraviy populyasiyalari va ularning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlashni ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh tuziladi va chora-tadbirlarning «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi. Hujjat quyidagilarni ta’minlaydi:

— ko‘chib yuruvchi turlarning muvofiqlashtirilgan monitoringi, tadqiqi va inventarizatsiyasi;

— yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash;

— transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlar va migratsiya koridorlarini yaratish;

— hayvonot dunyosi resurslaridan barqaror foydalanish va ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish;

— mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish;

— ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash sohasida zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni tanlash va qo‘llash bo‘yicha maslahatlashuvlar;

— ko‘chib yuruvchi hayvonlarni noqonuniy va/yoki asossiz tutishga, shu jumladan, brakonerlik va yovvoyi hayvonlar hamda ularning hosilalari kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish;

— qo‘shma ilmiy-amaliy seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish;

— qo‘shma ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarni tayyorlash va chiqarish;

— yashash muhitining parchalanishi va degradatsiyasining oldini olish choralari;

— «Yo‘l xaritasi»ning tegishli chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun investitsiyalar va mablag‘larni jalb qilish.

Ta’kidlash joizki, kelishuv 2023 yilda Butunjahon tabiiy merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgan «Turon mo‘’tadil cho‘llari» transmilliy Butunjahon tabiiy merosi ob’yektini saqlash bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining majburiyatlarini bajarish maqsadida imzolangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring