Ushbu haftada Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi
2021-yil 1-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisini 2021-yil 5-fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. Shu jumladan, «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi, «Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yildagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti, qolaversa, Boyovut, Bo‘ston, Olot, To‘raqo‘rg‘on, Qarshi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrini 2020–2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar, mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy ob’yektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter