Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urushsiz Germaniyada tug‘ilgan birinchi nemis

Urushsiz Germaniyada tug‘ilgan birinchi nemis

Foto: «Sport.de»

Bugun bayram — Yupp Haynkes xonadonida uning 73 yoshga kirganini nishonlashyapti. Afsonaviy nemis futbolchisi va murabbiyi Yupp Haynkes (Yozef Haynkes) 1945-yilning 9-may kuni tavallud topgan.

Murabbiy Haynkesni yaxshi bilamiz — «Real» (1998) va «Bavariya» (2013) bilan Yevropa chempionlar ligasini yutgan, bundesligada g‘alabalari sanoqsiz.

Futbolchi Haynkes ham chakkimas — GFR terma jamoasi tarkibida 39ta o‘yinda 14ta gol urgan, 1972-yili terma tarkibida Yevropa chempioni, 1974-yili Jahon chempioni bo‘lgan, xullas, Bekkenbauer, Zepp Mayer, Gerd Myuller, Braytner, Netserlar o‘ynagan afsonaviy jamoaning bir bo‘lagi. Qolaversa, Bundesliga tarixidagi uchta to‘purarning biri.

Bular kim uchun qiziq, kimlar bundan ham ko‘prog‘ini bilar, quyidagilar esa bugungi kun «aybdori»ning boshqa jihatlari haqida.

To‘qqizinchi farzand. Televideniye va jurnastika sohasidagi nufuzli «Bambi» mukofotini qabul qilib olarkan, ko‘ziga yosh qalqigan Yupp Haynkes bunday degandi: «Onam yilda bir marta eng yaxshi ko‘ylagini kiyib televizor qarshisiga o‘tirar va «Bambi» topshirilishini tomosha qilardi. Hozir meni ko‘rganida bormi... Onam o‘nta farzandini eng og‘ir, eng qora kunlarda tug‘ib katta qildi. Ota-onam — mening qahramonlarim».

Qiziqish. Yuppning otasi temirchi bo‘lgan, onasining esa do‘konchasi bor edi. Yupp oiladagi to‘qqizinchi farzand. Bolaligida me’mor bo‘lishni orzu qilgan. Sportga qiziqqan: qishda xokkey, yozda futbol o‘ynardi. Bu qiziqishning «oqibati» bugun hech kimga sir emas.

Ispan qiroli. Haynkesning ish stolida doim ikkita surat turadi. Birida u ispan qiroli Xuan Karlos I va afsonaviy futbolchi Alfredo di Stefano bilan yonma-yon suratga tushgan. Kabineti devoridagi katta romda esa sevimli ovcharkasi — Kandoning surati.

Turmush o‘rtog‘i. Rafiqasi uchun nonushtani ko‘pincha o‘zi tayyorlaydi. Iris 2004-yili saratonga chalingan. Turmush o‘rtog‘ini yolg‘izlatib qo‘ymaslik uchun ham Yupp bir yarim yilga futbol bilan xayrlashdi.

«Xotinim oldida qarzdorman, — deydi Yupp. — O‘zi xasta bo‘lishiga qaramay menga doim tirgak. Futbolchilik davrimda, murabbiylik chog‘imda madadkorim bo‘ldi».

Do‘stlik. Uli Hyonessga 3,5 yillik qamoq jazosi tayinlangach («Bavariya» sobiq prezidenti soliqlardan bo‘yin tovlagani uchun jazolangandi), Yupp xotinini olib Hyonessnikiga ko‘ngil so‘rashga o‘tdi. «Og‘ir damlarda do‘stlar birga bo‘lishi kerak», — deydi Yupp.

Haynkes va Hyoness Germaniya termasi tarkibida Yevropa va jahon chempionligini birga nishonlashgan. «Bavariya» menejeri bo‘lib ishlayotgan Hyoness 1987-yili Haynkesni jamoani boshqarishga chaqirdi, keyingi yili myunxenliklar bundesliga chempioni bo‘lishdi. Kelgusi yili ham. Ammo ko‘p o‘tmay turli gap-so‘zlarga uchgan Hyoness Haynkesning javobini bergan. O‘zining bu qilmishini Hyoness haligacha unutolmaydi.

Haqiqiy nemis. Haynkes o‘ta tartibsevar va talabchan murabbiy. Masalan, «Shalke»ga murabbiylik qilgan yillari klub menejeri Assauerga 20 yevro jarima solganini eslashadi, o‘shanda menejer muhim tadbirga klub paypog‘ini kiymay borgan ekan. Yoki «Myunxengladbax»da futbolchilarga kiyinish xonasini qanday tutish borasida saboq bergani alohida mavzu. Aytishlaricha, 2006-yili «Borussiya»da ishdan bo‘shatishganida Yupp o‘zi minib yurgan xizmat mashinasini yaxshilab yuvib, bakini to‘ldirib qo‘yib, keyin ketgan ekan.

Qahramonimiz anchayin qo‘li ochiq inson. «Bayer»dan ketishida oddiy xodimlar, qorovullarga minnatdorligi ramzi sifatida ichiga yuzlab yevro solingan konvertlarni shaxsan ulashib chiqqan.

Odam va mashina. «Inson ham avtomobilga o‘xshaydi — muntazam tekshirib, «ta’mirlab turish» kerak, — deydi Haynkes. — Agar organizmingdan juda ko‘p narsa talab qilsang-u o‘zing unga hech narsa bermasang nima bo‘ladi, albatta, buziladi-da».

Yupp haftasiga ikki-uch marta sport bilan shug‘ullanadi. Uyidagi trenajyori 25 xil mashq qilishga mo‘ljallangan. Velotrenajyor pedallarini esa 40 daqiqadan bir soatgacha aylantiradi. Albatta, Yuppning aytishicha, bu judayam zerikarli mashg‘ulot, ammo nachora. Shu bilan tugaydi deb o‘ylasangiz adashasiz, velosiped «haydab bo‘lgan» Yupp to‘ppa-to‘g‘ri basseynga o‘tib, yigirma daqiqacha suzadi. Shuncha mashqdan keyin ovqatlanish ham shunga yarasha sog‘lom bo‘ladi-da.

Xullas, Haynkesning futbol atrofidagi hayoti futbol ichidagisidan ortiq bo‘lsa ortiqdirki, aslo kam emas. Afsuski, Haynkes mavsum tugashi bilan futbolni tark etadi. Bu safar butunlay. Oldinda faqat ikkita o‘yin qoldi: 12-may kuni bundesligada «Shtutgart»ga qarshi 34-tur doirasidagi o‘yin hamda 19-may kuni Frankfurtning «Ayntraxt»iga qarshi o‘tkaziladigan Germaniya kubogi finali. Ko‘ring, oxirgi marta zavq olib qoling, futbol afsonasi ketmoqda!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring