Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ursula fon der Lyayen hayot-mamot ahamiyatiga molik hujjatni taqdim etdi

Ursula fon der Lyayen hayot-mamot ahamiyatiga molik hujjatni taqdim etdi

Yevropa Ittifoqi dengiz, sohil va uning atrofidagi hayotni muhofaza etishga qaratilgan Okean to‘g‘risidagi paktni qabul qildi. Bu haqda Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Nitssa shahrida o‘tayotgan BMTning okeanlarga oid anjumanida ma’lum qildi.

“Biz besh yil mobaynida (okeanning) plastik va zaharli buyumlar bilan ifloslanish darajasini ikki baravarga kamaytirishga harakat qilamiz. Tabiiy yashash muhitini tiklaymiz va sohillarimizni iqlim o‘zgarishi ta’siridan yanada samarali himoya qilamiz”, – dedi Ursula fon der Lyayen. 

Yevropa komissiyasi dengiz sanoati va portlarga oid strategiya ishlab chiqish orqali ushbu sohaning raqobatbardoshligini oshirishni ham ko‘zlamoqda.

Ursula fon der Lyayenning ma’lum qilishicha, YeI dunyo bo‘ylab tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha 50 ta loyihaga 1 milliard yevro mablag‘ ajratadi. Ushbu mablag‘ning salmoqli qismi ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltiriladi. 

Okeanni muhofaza etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar orqali 2030 yilga borib dengiz ekotizimining 20 foizini tiklash maqsad qilingan. 

BMTning Fransiya mezbonligida o‘tayotgan okeanlarga oid anjumanida Ochiq dengizga oid shartnoma uchun ham imzo yig‘ilmoqda. Dengiz va xalqaro suv havzalarini muhofaza etishni kuchaytirishga qaratilgan shartnoma kuchga kirishi uchun 60 mamlakat ma’qullovi talab etiladi. 

“Bugun biz (Ochiq dengizga oid shartnoma) ratifikatsiyasi uchun zarur bo‘lgan 60 ta imzoni yig‘ishga juda yaqin turibmiz. Ratifikatsiyani tezlashtirishingizni so‘rayman. Chunki ummonlarimiz bizdan jadal amaliy harakatlarni kutmoqda”, – deya ushbu hujjatni qabul qilishga undadi Yevrokomissiya prezidenti.

Ma’lumot o‘rnida: Yevropa komissiyasi joriy yil 5 iyun kuni Okean to‘g‘risidagi paktni (Ocean Pact) qabul qildi.

Hayot-mamot ahamiyatiga molik ushbu muhim hujjat dunyo ummonlarida tabiiy yashash muhitini tiklash, a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlash va qonunchilikni takomillashtirish orqali okeanlarni muhofaza etishni kuchaytirishga qaratilgan.

Ummonlar inson, hayvonot va nabotot hayoti, shuningdek, baliqchilik, kemachilik, turizm va energetika jabhalarida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Okean to‘g‘risidagi paktda sohilbo‘yi hududlarni tiklash bo‘yicha ham chora-tadbirlar belgilangan. Qolaversa, sohaga doir ilmiy izlanish va tadqiqotlarni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda dengiz chegaralari xavfsizligini ta’minlash, Yevropa suv havzalarida qolib ketgan portlovchi moddalarni yo‘q qilish bo‘yicha ham vazifalar qayd etilgan.

Yevropa Ittifoqi 70 ming km ga cho‘zilgan sohil chizig‘idan iborat ulkan dengiz hududiga egalik qiladi. Umumiy aholining 40 foizi dengizdan 50 km radiusda istiqomat qiladi. Bu raqamlar ham YeI hayotida dengiz masalalari muhim o‘rin tutishidan dalolat beradi.

Okean to‘g‘risidagi paktda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2027 yilda YeIning Okean to‘g‘risida qonunini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring