Urgutda 550 000 odam yashaydi, aholisi ba’zi viloyatlar bilan teng — Prezident
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati faollar yig‘ilishida Urgut tumaniga alohida e’tibor qaratdi.
— Urgut tumanida 550 ming odam yashaydi. Bu esa ba’zi viloyatlar aholisi bilan teng. Bu tumanga alohida e’tibor kerak. Xususan, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasini yanada kengaytirish va rivojlantirish zarur.
Umurzoqov, Voitov, Turdimov banklar bilan birga, bir oy muddatda «Urgut» zonasida yangi ishlab chiqilgan 144 million dollarlik 21 ta loyiha uchun zarur miqdorda kredit ajratishni ta’minlasin. Shuningdek, bir oy muddatda, Urgutni sanoatni rivojlantirishga ixtisoslashgan innovatsion va investitsion tumanga aylantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarorini kiritilsin.
Bunda, Urgut tumanini to‘liq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiallarini tashkil etish nazarda tutilsin.
Ushbu yangi hududlarda infratuzilmalarni qurish uchun Arab muvofiqlashtirish guruhi institutlaridan mablag‘ jalb etish lozim.
Shuningdek, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi negizida «xolding kompaniya» tashkil etiladi va uning rahbari bir vaqtning o‘zida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ladi.
Umurzoqov, Voitov, Turdimov «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi va uning filiallarida polietilen mahsulotlarini chuqur qayta ishlash loyihalariga 500 million dollar, elektrotexnika sanoati loyihalarini amalga oshirish uchun 250 million dollar jalb etish choralarini ko‘rsin.
«Urgut» erkin iqtisodiy zonasiga berilgan imtiyozlarni barcha tuman va shaharlarga qo‘llash hamda har biriga kamida 50-100 million dollar investitsiyalarni jalb qilish hisobiga, 200 gektar maydonda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik qo‘shimcha sanoat loyihalarini amalga oshirish lozim.
Ushbu loyihalarni sifatli ishlab chiqish va ijrosini tizimli ta’minlash uchun Loyihalar fabrikasining «Urgut ofisi» tashkil qilinadi.
Tumanda ta’limga ham katta e’tibor lozim. Urgutdan juda ko‘p talabalar Samarqandga qatnab, o‘qiydi. Shu sababli Samarqand davlat universitetining Urgut filialini tashkil qilish ham nazarda tutilsin. Ushbu filialda tibbiyot fakulteti ham bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Filialni tashkil etish uchun bino tayyor, uning ta’miri uchun kerakli mablag‘ ajratiladi, — dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter