Umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun ham grantlar bormi?

Hurmatli «Xabar.uz» faollari! Avvalo ko‘rsatayotgan xizmatlaringiz uchun minnatdorligimni bildiraman. Namangandan savol yo‘llayapman. Ayting-chi, umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun ham grantlar bormi? Shu haqda ma’lumot bo‘lsa, saytga joylashtirsangiz.
Umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun mamlakatimiz va xalqaro fan olimpiadalari mavjud. Olimpiadalarni o‘tkazish tartibi 2009-yil 1-maydagi «Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha respublika olimpiadalarini o‘tkazish va xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini tanlash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorda keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, respublika (fan) olimpiadalari har yili akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarining 1, 2, 3-kurs o‘quvchilari va umumta’lim maktablarining IX, X, XI sinflari (majburiy 12 yillik ta’limga to‘liq o‘tilguncha) hamda IX sinflar o‘quvchilari (majburiy 12 yillik ta’limga to‘liq o‘tilgandan keyin) o‘rtasida o‘tkaziladi.
Fan olimpiadalari to‘rt bosqichda o‘tkaziladi:
a) 1-bosqich — o‘qish joyi bo‘yicha;
b) 2-bosqich — tuman, shuningdek, tumanlarga bo‘linmagan shahar bo‘yicha;
v) 3-bosqich — viloyat bo‘yicha, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Toshkent shahrida;
g) 4-bosqich — respublika bo‘yicha.
Fan olimpiadasining birinchi bosqichida umumta’lim maktablari va akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarining barcha o‘quvchilari ishtirok etishlari mumkin. Navbatdagi bosqichlarda esa faqat oldingi bosqichlarda I, II, III o‘rinni egallab, g‘olib bo‘lganlar qatnashadilar.
G‘oliblar 76-100 ball to‘plagan o‘quvchilar orasidan aniqlanadi.
Respublika fan olimpiadalarining to‘rtinchi bosqichida fanlardan 76 va undan yuqori ball to‘plab, I, II, III o‘rinlarni egallagan umumta’lim maktablarining 11-sinf hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining 3-kurs o‘quvchilari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi 226-qaroriga binoan oliy o‘quv yurtlariga test sinovlarisiz hamda qo‘shimcha imtihonlarsiz kirish imtiyoziga ega bo‘ladilar.
Xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etuvchi o‘quvchilarni tanlash
Xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etuvchi o‘quvchilarni tanlash O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika fan olimpiadasining III bosqichida umumta’lim fanlaridan 1-5-o‘rinlarni egallagan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 2, 3-kurs o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasasining 10, 11-sinf o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadasida qatnashish uchun tanlovda ishtirok etadilar.
Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Tanlovning birinchi bosqichida I, II, III o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar keyingi bosqichda qatnashadi.
Tanlov o‘tkazish joyi va muddati O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va Xalq ta’limi vazirligi tavsiya qilgan ekspert guruhi tomonidan tanlovda qatnashgan o‘quvchilarning yozma ishlari tekshiriladi va g‘oliblar aniqlanadi.
G‘oliblarni aniqlashda o‘quvchilarning nazariy va amaliy bilimlarini masalalar yechishga tatbiq etish qobiliyati, topshiriqlarning original yechimlarini topishi, yozma javoblarni to‘la bayon etishi va ilmiy xulosalar chiqarishi e’tiborga olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter