Chet eldan qaytgan fuqarolar OIV bo‘yicha majburiy tekshiruvdan o‘tadi – loyiha

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Ta’kidlanishicha, mehnat migratsiyasi hajmining ortishi, xorijda bo‘lib qaytayotgan fuqarolar sonining ko‘payishi hamda chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish zaruratini yuzaga keltiryapti.
Ushbu qonun loyihasi inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklarni oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 90 kundan ortiq muddatda chet elda bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolarini hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kelgan xorijliklarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Xususan, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili xorijdan qaytgan 1,7 mln fuqaroning faqat 25 foizi ixtiyoriy tekshiruvdan o‘tgan va 1 512 ta holatda OIV aniqlangan. Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, infeksiya 90 kundan so‘ng namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston fuqarolari va doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat budjeti hisobidan, xorijliklar esa o‘z yoki ish beruvchi mablag‘lari hisobidan ko‘rikdan o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter