Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Umra ziyorati bo‘yicha qator talablar belgilandi

Umra ziyorati bo‘yicha qator talablar belgilandi

«Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (345-son, 08.08.2023-y. ) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining alohida faoliyat yo‘nalishi hisoblanib, mazkur faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining Umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:

100 ming AQSh dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;

Umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;

Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;

Umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;

Umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.

Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator murojaati asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etiladi:

- mutaxassisning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bog‘liq xizmati beg‘araz amalga oshiriladi, uning safar xarajatlari (transport, mehmonxona, oziq-ovqat, sug‘urta, viza to‘lovlari va boshqalar) Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi;
- mutaxassis turoperatorning so‘roviga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 3 ish kunida ajratiladi;
- 1 nafar guruh rahbariga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.
2023-yil 1-oktyabrdan Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.

Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qo‘llaniladi hamda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va litsenziya uchun davlat boji undirilmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring