Umra safari boshlanmoqda!
«Shu yil 5-yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari Saudiya Arabistonidagi «Abu Sarhad» hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh janoblari bilan «Umra–2022» mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladilar», — deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasining matbuot xizmati.
Yurtimizda umra safarini tashkil etish choralarini ko‘rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlandi.
Shuningdek, umra ziyoratini yuqori darajada tashkil etish uchun ko‘p yillik tajriba ega bo‘lgan «Abu Sarhad» hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo‘lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Xabarda ta’kidlanishicha, shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yo‘llar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga yetmay qolgan holatlari aniqlanmoqda. Shu bois, mo‘min-musulmonlar umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo‘lishlari va bu borada vakolatli tashkilot bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishga chaqirilgan.
Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanib, hududlardagi navbatlar asosida belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan, tegishli vaksinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan muborak safarga jo‘natiladi.
Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter