«Umid» loyihasining ilk natijasi: Mars sayyorasidan umidbaxsh surat keldi
Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan Mars orbitasiga uchirilgan «Al-Amal» («Umid») zondi qizil sayyoraning ilk suratini yubordi.
24700 km balandlikdan olingan suratda uch vulqon hamda Olimp tog‘ini ko‘rish mumkin. Sayyoraning sharqiy qismida, bulutlar ortida esa Valles Marineris vodiysi ko‘zga tashlanadi. Mars sayyorasini teleskop yordamiga kuzatib borayotgan astronomlarga ushbu manzara yaxshi tanish, ammo bevosita yaqindan olingan surat alohida ilmiy ahamiyatga egadir.
«Umid» zondi Marsga 1000 km masofaga qadar yaqinlashadi. Qurilma energiya oqimining atmosfera orqali harakatini tadqiq etadi. Mazkur kuzatuv va tadqiqotlar bir zamonlar iliq va nam bo‘lgan sayyora nega quruq va sovuq makonga aylanganini aniqlashga yordam beradi.
BAA Mars sayyorasini ilmiy o‘rganish uchun o‘z missiyasini yuborgan ilk arab mamlakati sifatida tarixga kirdi. BAAning fazoviy loyihasi AQSh olimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hozirga qadar qizil sayyorani o‘zlashtirish va o‘rganish borasida atigi 4 davlat (AQSh, Rossiya, Hindiston va Yevropa ittifoqi) muvaffaqiyatga erishgan. Arab davlati esa «Mars mustamlakachilari» guruhining beshinchi a’zosiga aylandi. Yaponiyaning bu boradagi urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Ayni paytda Xitoy ham fazoviy poygaga qo‘shilmoqda.
Mars sayyorasi bir necha ming yildan buyon insoniyatni ohanrabo kabi o‘ziga jalb etib keladi. Bundan 3500 yil ilgari qadimgi Misr va Bobilda Marsni o‘rganish boshlangan. Bir necha asr o‘tib musulmon hamda hind astronomlari ushbu sayyoraning hajmi va Yerga qadar masofani aniqlaganlar. 1610-yilda Galileo Galiley ilk bor Marsni teleskop yordamiga kuzatishga muvaffaq bo‘lgan. 1840-yilda Mars sayyorasining ilk xaritasi yaratilgan. Tadqiqotlar asnosida qizil sayyorada bir zamonlar hayot mavjud bo‘lgan degan faraz vujudga kelgan. O‘tgan asrning o‘rtalaridan buyon Marsdagi mavsumiy o‘zgarishlar, bulutlar va qum bo‘ronlari muntazam kuzatib kelinmoqda. AQSh yetakchiligidagi mamlakatlar Marsga inson parvozini amalga oshirish ustida izlanishlar olib bormoqda.
Marsni o‘rganish hamda o‘zlashtirish dunyodagi yirik mamlakatlarning o‘zaro raqobatiga aylanmoqda. AQSh tomonidan uchirilgan «Perseverance» missiyasi sayyorada insonning yashab qolish imkoniyatlarini tadqiq etadi. Fazoviy tadqiqotlar borasida Qo‘shma Shtatlarni quvib o‘tishga urinayotgan Xitoy tomonidan yo‘llangan Tianwen-1 ekspeditsiyasi ham Marsni kolonizatsiya qilish yo‘llarini qidiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter