Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Umid Ahmadjonov bilan suhbat. Abramov va Ahmadaliyev futbolga qaytariladimi?

Umid Ahmadjonov bilan suhbat. Abramov va Ahmadaliyev futbolga qaytariladimi?

Foto:  «Championat.asia»

Sokin dengizda bemanzil suzib ketayotgandek taassurot qoldirayotgan O‘zbekiston futboli, so‘nggi yarim yilda kuchli po‘rtanaga tushib qolgandek.

Kemadagilar harakatda. Xo‘sh, bu harakatlar besamar ketib, bortdagilar suvga g‘arq bo‘ladimi yoki kapitan hamda ekipaj a’zolari qahramonga aylanadimi?

Biz nazarda tutayotgan kapitan haqida ma’lum vaqt juda ko‘p yozildi. Bu xuddi havo berilayotgan sharga o‘xshab ko‘rindi. Biroq shar ma’lum kenglikka yetgach, chiqishlar biroz kamaydi, ammo harakat to‘xtamadi. Ishim va oilam sabab uzoq muddatga xorijga yo‘l oldim. Bu futboldan biroz uzoqlashishimga olib kelishi rost. Shunday bo‘lsa-da, men nazarda tutayotgan kemaning taqdiri doim qiziq bo‘lib qoladi. Shuni inobatga olib, Toshkentdagi so‘nggi kunim Umid Ahmadjonov bilan ko‘rishishga qaror qildim.

Bungacha chamasi bir haftalar vaqt bo‘ldi. Qabulxonada yonida Ahmadjonovni 4 soatga yaqin kutdim (vaqt oldindan kelishilmagandi). Ishtiyoq kuchli bo‘lgani uchun (balki so‘nggi imkoniyatim uchun) sabr qildim. Ketma-ket ikki yig‘ilishdan chiqqan Ahmadjonovga kimligimni, maqsadimni, ketayotganimni va uni qancha kutganimni aytdim. Xullas, suhbatga ko‘ndirdim. Telefonim xotirasiga yozib olganlarimni esa hozir Yevropada turib oqqa tushiryapman. Yana ozgina kechiktirsam, bu intervyuning sariq chaqalik qadri qolmasligi mumkin. Chunki unda yangiliklar ko‘p.

«Ishonsangiz, ayrim kunlari hatto uyga ham borayotganim yo‘q» — deb gap boshladi suhbatdoshim. Keyin esa grafinda turgan suvdan quyib uzatdi. — «Ancha kutib qolibsiz...»

— Ikki bor qaytib ketmoqchi bo‘ldim. Lekin o‘zimni qiynayotgan savollarimni bermasam bo‘lmasdi — dedim kulib. — Adashmasam, Prezident qarori ustida ish ketayotgan ekan?

— Ha, shunday. Yo futbolni odam qilaman yoki uni yo‘q qilaman deganlarining ertasi kuniyoq meni qabulxonaga chaqirishdi. Bungacha o‘zimizning ham rejalarimiz bor edi, biroq o‘sha kuni Shavkat Miromonovich tomonlaridan shunday imkoniyatlar tortiq qilindiki, yetti uxlab tushimga ham kirmagandi.

Qarorni o‘qigandirsiz, unda hammasi tushunarli qilib yozilgan. Biroq uni izga tushirib olish oson emas. Chunki hamma narsa o‘zimizgagina bog‘liq bo‘lib qolmagan. Biz hozir Moliy vazirligidan tortib, Oliy ta’limgacha — hamma tashkilotlarga kirib boryapmiz. Deyarli barcha hokimliklar bilan tun-u kun aloqada bo‘lib turibmiz. MOQdan tortib Sport vazirligigacha, O‘FA, PFL — xullas hammasida ishchi guruh kuniga 16—18 soatdan ishlashiga to‘g‘ri kelyapti.

Ammo nolimaymiz. Chunki Prezidentning shaxsan o‘zlari sport uchun shuncha narsa berib qo‘ysa-yu, biz undan eplab foydalana olmasak, bu nima degan gap? Oldindagi 2—3 yil davomida bosib ishlashda davom etsak, menimcha futbol ham, umuman mamlakat sporti ham o‘z relsiga tushib oladi.

— Qarorga ko‘z yugurtirib chiqdim, o‘zgarishlar ancha katta. Va hozir uning ustida ish qizg‘in davom etyapti. Men esa boshqa masalalar haqida savollar bermoqchi edim. Asosan futbol haqida.
 

Futbol deyishim bilan suhbatdoshim bosh chayqab, kulib qo‘ydi.  

— Sport bu sport. Ammo futbol butkul boshqa masala, deng... Bemalol.

Birinchi mavzu — “Buxoro”


— “Buxoro” futbol klubi to‘lashi kerak bo‘lgan 300 million keragidan ko‘proq emasmi?!
(Men endi ancha dadil edim).

— Ko‘p. Juda ko‘p! Chunki “Buxoro” futbol klubi rahbariyati avvalgi xatosidan xulosa chiqarmadi.

Siz bir narsani tushuning, har qanday qarorning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini istalgancha muhokama qilish mumkin. Ammo masalaning yana bir tomoni bor: tartib bo‘lmasa, ishda unum bo‘lmaydi. Klublar shu kunga qadar qanday ishladi degan savolga, Oliy Liga o‘yinlariga keladigan muxlislar soni javob berishi mumkin. Biz esa Superligada klublarga tinim berayotganimiz yo‘q. Ular ishlashi shart! Kimga yoqmaydigan bo‘lsa, o‘rnini bo‘shatib qo‘yaversin, o‘rinbosar albatta topib beramiz.

Ko‘pchilik aytyapti, kelasi o‘yiniga muxlislarni kiritmaslik mumkin edi-ku, deb. Sizningcha, o‘zini hurmat qilmaydigan odamni 1 ta o‘yin bilan tarbiyalab bo‘larkanmi? Biz muxlislarni stadionga qaytarish ilinjida shuncha harakat qilib turib, yana o‘z qarorimiz bilan ularni stadiondan chetga chiqarib qo‘yishimiz kerakmi? Muammodan qochish yaramaydi, uni yechish kerak. Axir oilaviy sektorlar tashkil qilyapmiz, muxlislar Jahon Chempionatini ko‘rishni istasa, Superligada tanaffus qilib beryapmiz, hali Ramazon kunlari bor oldinda. Unda ham ro‘zadorlarga qulayliklar yaratib berish niyatimiz bor. Nima demoqchiman, hammasi futbol muxlisi uchun. Madomikin shunday ekan, o‘sha muxlislardan hech bo‘lmasa o‘zlarini hurmat qilishni talab qilishga haqqimiz bo‘lishi kerak.

— Biroq ularni ham balki tushunsa bo‘lar. Balki yaxshi hakamlik bo‘lganida, ular junbushga kelmas edi...

— To‘g‘ri. Biroq hakam xato qilsa, uni biz jazolaymiz, muxlislar emas. Ular bir narsaga ishonishsin, noxolis hakamlikni o‘zimiz ham istamaymiz. Bunday hakamlikka qarshi faqat biz emas, butun jahon kurash olib boradi. Maqsadimiz kim xato qilsa, uni “chopish” emas. Muxlislarning harakati xato bo‘lsa, ular bilan ishlash kerak. Hakam xato qilsa, u bilan ham ishlash mumkin. Biroq hakam poraxo‘r bo‘lsa, shundagina undan voz kechib qo‘ya qolamiz. Axir kim xato qilmaydi — hamma. Bilib turib qilingan xato esa kechirishga arzigulik emas.

— Ravshan Ermatovni qo‘yish mumkin emasmidi o‘sha uchrashuvga?

— Ko‘p berishdi shu savolni. Agar men hamma ishga aralashsam, unda o‘zimning ishimni kim qiladi? Bizda Hakamlar qo‘mitasi bor, Intizom qo‘mitasi bor va hokazo. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, mana sizga taqvim. 5-turga nazar soling. “Lokomotiv” — “Qo‘qon-1912” o‘yini sizningcha qanday? “Nasaf”ning Namanganga tashrifi-chi? Superligada shunday muhit istayapmizki, o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmasin. Superliga faqatgina “Buxoro” yoki “Paxtakor”dan iborat emas.  

Uchinchidan, Ravshan Ermatov afsuski bizda 1 dona. Uni har turda olti bo‘lakka bo‘lib, hamma o‘yinga qo‘yib chiqishning iloji yo‘q. Imkoni bo‘lganida ham bu yo‘ldan yurmasdik, bu xato bo‘lardi. Hammasini faqat uning yelkasiga tashlagandan ko‘ra, qolganlarni Ermatov darajasiga olib chiqishga harakat qilsak to‘g‘riroq emasmi? Chiqa olmas balki, biroq biz hech bo‘lmaganda qo‘l qovushtirib o‘tirgan bo‘lib chiqmaymiz.

To‘rtinchidan, Ermatov kabi FIFA referilarining zimmasida xalqaro o‘yinlarni boshqarish kabi vazifa ham bor. Agar ularning safari yaqin bo‘lsa, hakamlarni taqsimlashda ham shundan kelib chiqiladi.

Beshinchidan, uchrashuv tizginini qo‘ldan chiqargan hakamga jazo chorasi bor. Xato qilsa, u ustida ishlashga majbur. Ammo bilib turib xato qilsa, aytganimdek, undan voz kechamiz.


— Hech o‘ylab ko‘rdingizmi, hamma muammo faqatgina “Paxtakor” bilan o‘yindan keyin boshlanyapti...

— To‘g‘ri, adashmasam bu to‘rtinchisi. Bu klubga nisbatan kimda nafrat bor, kimda boshqa bilmadim-u, lekin holatlar aynan uning ishtirokidagi o‘yinlarda bo‘layotgani o‘zingiz aytganingiz kabi bor gap. Men sizni ishontirib aytamanki, o‘sha kuni Buxoroda “Bunyodkor” yoki “Navbahor” mehmon bo‘lganida-yu, holat takrorlanganida ham baribir shu chora ko‘rilardi.

Men hatto safarda bo‘lganimda ham Superliga o‘yinlarini jonli ko‘rishga harakat qilaman. O‘sha kuni xonada bir necha kishi bilan o‘yinni birga tomosha qilayotgandik. Stadiondagi hunuk manzara TV orqali shunday aniq eshitildiki, futbol ko‘rayotgan millionlab odamlar o‘sha hunuk so‘zlarni biz bilan barobar eshitishdi. Bunday holat bir necha bor takrorlandi. Shunday keyin ham jim o‘tirishimiz kerakmidi yoki “Sport”dagi jonli translyasiyani to‘xtatishimiz kerakmi, uyida o‘tirgan bolalarning tarbiyasi ham “Buxoro”dagi stadiondan sabab buzilmay qo‘ya qolsin deb. Axir jonli efirlarga qancha mashaqqat bilan erishayotganimizni hamma ko‘rib turibdi-ku.

Men tushunaman, sport hissiyotlar bilan chambarchas bog‘liq. Milliy terma o‘yiniga tushganimizda ham o‘zimiz bilmagan holda hunuk so‘zlarni aytib yuboramiz. Bu tabiiy bir jarayon va bundan muxlislarni hech kim mosuvo ham qilmoqchi emas. Futbolni jim tomosha qilsa, unda ko‘rmay qo‘ya qolgan yaxshi-ku. Ammo ommaviy ravishda, qandaydir ahmoqlarga ergashib bunday ish qilishni oqlamaymiz. Hakamga e’tiroz bormi, stadion shovqin ko‘tarsin, muxlislar “Buxoro” bilan har qanday holatda ham birga ekanini ayta olishsin baralla, hunuk so‘zlari yo‘q krichalkalardan bemalol foydalanishsin. Biroq tartibsizlik keltirib chiqarish, ommaviy ravishda buzuq so‘zlarni ishlatishga qarshi kurash olib boramiz. Mayli, hozir tanqid qiluvchilar ko‘pdir. Biroq vaqti kelib odamlar o‘zini hurmat qilishga ko‘nikib borsa, bu bizning yutug‘imiz bo‘ladi.

— Aytaylik, klub 300 millionni to‘lay olmadi. Nima bo‘ladi?

— To‘lamagunicha qo‘yilmaydi. Mana shunday jarima to‘langanidan keyingina stadion va klub rahbariyati yeng shimarib ishlaydi. Fan-klub faollashib, har bir sektor uchun javobgarlar qo‘yiladi, muxlislar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi, ular uchun sharoitlar yanada yaxshilanadi. Yo‘qsa ish davom etaveradi. Muxlislar zavq olishi uchun stadionga kelaversin, eshiklar ochiq. Biroq zavq olish uchun “Buxoro” stadionidagi o‘rindiqlarni sindirish, aytaylik stadionga biror buyumni uloqtirish shart emas, bunday ishlarga qarshi jiddiy kurashiladi. Biz har bir odamning og‘zidan chiqayotgan so‘zga taqiq qo‘ymoqchi emasmiz, biz ommaviy tartibsizlikni yo‘qotish ustida ish olib bormoqchimiz.


— Yuqorida kim ham xato qilmaydi, deb aytib o‘tdingiz. Buxorolik futbol muxlislari o‘z xatolarini tushunib, videomurojaat bilan ham chiqishdi.

— Birinchi xatoni kechirish mumkin. Ikkinchisi bu ish odatga aylanayotganidan darak beradi. Menga muxlislar murojaatini ko‘rsatishdi. Bir tarafdan xursand bo‘ldim, eplay olishlariga ishongim keldi. Biroq hammasi faqat quruq gapdan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Endi o‘sha 300 millionni qaytarish muxlislarning o‘z qo‘lida bo‘ladi. Klublari rivojini chindan ham istashsa, o‘zlarini hurmat qilishsin va chiroyli muxlisliklari bilan 300 millionni “Buxoro”ga qaytarishsin.

Na PFL, na O‘FA o‘sha pullarni yeb ketmaydi. Hech kim “Buxoro”ning puliga tegmaydi! Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra hammasi joyida bo‘lsa, xato qilganlar xulosa chiqargan bo‘lsa, pul qaytariladi. Ish davom etadigan bo‘lsa, 300 millionning hammasiga bolalar bog‘chalari uchun sport anjomlari sotib olamiz va tarqatib yuboramiz. Futbolni ham, tarbiyani ham shulardan boshlamasak, qon bilan kirgan narsa, jon bilan chiqar ekan degan xulosaga kelib qolamiz.

— “Navbahor” va “Bunyodkor” uchun solingan jarimalarning taqdiri nima bo‘ldi?

— Ulardan voz kechdik. Muhimi har ikki klubga va shu orqali qolganlarga ham O‘FA qarorlarini hurmat qilish kerakligini tushuntirdik. U o‘rtoqlik o‘yini bo‘ladimi yoki boshqami — o‘z xatosini tushunib yetmaganlar sportga qadamini ham bosmaydi. O‘FA qaroridan keyin uni muhokama qiladigan odamlar, klublar vakillari topildi, hammasidan xabardormiz. Ammo futbolchining harakati chetda qoldi. Biz esa uni chetda qoldirmaymiz. Til uchida xato qildim deb, qo‘ygani kam. Har kim nima qilganini ongli ravishda tushunsin va qolganlarga ham shuni tushuntira olsin. Klublar esa tartib haqida unutmasin. Oldingi davrlar o‘tib ketdi. Endi hammasi boshqacha bo‘ladi.

“Buxoro” ham o‘ylamasin, puldan shunchaki voz kechiladi deb. O‘FA bir marta kechiradi, ikki marta kechiradi. Keyin kech bo‘ladi. “Navbahor” bilan bo‘lgan voqea “Buxoro”ga o‘rnak bo‘lsin, “Buxoro” voqeasi yana boshqa klubga. Nima demoqchiman, 1 ta voqeadan hamma xulosa chiqarsin. Bizda birinchi marta shunday bo‘ldi-ku degan gaplar o‘tmaydi. Bu futbol maydoni emas har bir futbolchiga alohida sariq va qizil ko‘rsatib chiqadigan. Biz uchun kimdirning xatosi qolganlar uchun ham saboq bo‘lishi shart.

Ikkinchi mavzu — Abramov, Babayan, Ahmadaliyev masalasi...

“Bu savollarimning yarmi edi” deganimda Ahmadjonov qanday qaraganini tasvirlab bera olmayman (: Aksiga olib o‘sha kadrni muxrlab qo‘yish uchun fotokameram ham yo‘q edi.

Shu yergacha suhbatimiz davomida Ahmadjonovning mobil telefoni kamida 20 marta o‘z egasini chaqirdi. Ular orasidan faqatgina 1 tasiga javob berildi (Qo‘qonda qurilishi kerak bo‘lgan stadion masalasida).


— Tartib haqida gapirdingiz. Keyin esa xatosidan xulosa chiqarganlarga imkoniyat berish haqida ham. Vadim Abramov bilan nima yuz berganini ochig‘ini tushuna olmaganman. Lekin menimcha u yaxshi mutaxassis edi...

— Ha, u yomon ishlamagan. Ammo siz tushunmagan narsalarni uning o‘zi juda yaxshi tushunadi. Kim nima qilgan bo‘lsa ham, bu unga hamma narsa mumkin degani emas. Abramov misolida buni qolganlar ham tushunib olishi kerak.

Uning kabi mutaxassislarni chetga chiqarib, biror nima yutmaymiz. Abramov futboldagi bilimlarini kimgadir o‘rgatishi, qaysidir klub bilan ishlashi, muvaffaqiyatga erishishi mumkindir. Bemalol. U futbolga qaytadi, aniqrog‘i, biz uni futbolga shunchaki dushman qilib qo‘ya olmaymiz. Chunki hayotining katta qismini shu sohaga bag‘ishlagan. Aksincha, undan o‘rganish mumkin bo‘lgan jihatlar bormi, marhamat, o‘rgatsin, shogirdlar orttirsin, futbolchilar yetishtirib chiqarsin. Biz uni erkin fikrlari uchungina chetga chiqarib qo‘ymadik.

Ayni paytda futbolda faoliyat olib borayotganlar bir narsani yaxshilab bilib olsin. Qaysidir murabbiyda, qaysidir futbolchida yoki rahbarda qing‘irlik, korrupsiya holati yoki qandaydir boshqa jinoyat ko‘rinsa, ular endi qonun oldida javob beradi. Hech kim o‘z manfaatini klubnikidan, muxlislarnikidan ustun qo‘ymaydi. Chunki futbol hammaniki, meniki yoki sizniki emas. Shavkat Miromonovichdan shunday topshiriq bor, buyog‘iga davlat pulini, xalq pulini kimdir yeb ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Shuningdek, kimdir totalizator kompaniyalari orqali pul ishlab olish maqsadida futboldan, futbolchilardan foydalanayotganini sezib qolsak, ularga ham jiddiy choralar ko‘riladi. Biz futbol bo‘yicha chora ko‘ramiz, qolgani bilan prokuratura shug‘ullanadi. FIFA aytgan, futbolga hech kim aralasha olmaydi, deb o‘ylashmasin. O‘z-o‘zidan tashqi ta’sir futbolga burun suqmaydi, biroq biz uning ichidagi qurtlarni quritish uchun harakat qilamiz. O‘sha FIFAni boshqargan amaldor insonlar vaqti kelib javob berayotganini hamma ko‘rib, bilib turibdi.


— Ogo, demak Vadim Abramovga yana imkoniyat berilishi haqida birinchi bo‘lib men bilyapmanmi?

— Yaqin orada uning ishini Ijroqo‘m qayta ko‘rib chiqadi. Abramov o‘z tajribasi bilan O‘zbekiston futboliga foyda keltirishni istasa, unga imkoniyat beriladi.

— Babayan masalasi nima bo‘ladi? Bungacha uning chetlatilgani haqida o‘qigandik. Futbolga qaytganini Latviya nashlaridan bildik.

— Uning borasida pozitsiyamiz o‘zgarmaydi. Milliy terma jamoadan o‘z manfaati yo‘lida foydalangan deb hisoblaganimiz uchun ham yaqin orada o‘zbek futboliga qaytarishni rejalashtirayotganimiz yo‘q. O‘FA qarori faqat biz uchun amalda bo‘ladi. Xalqaro miqyosda esa omadini bersin. Endi bizning futbol faqatgina bitta insonga qarab qolmaydi, faqat bir kishi hammasini o‘z holicha hal qilib tashlamaydi. Hamma bir yoqadan bosh chiqarishga intiladi. Shuningdek, nasib bo‘lsa mundialni o‘tkazib olsak, xorijlik tajribali mutaxassisni ham O‘zbekistonga olib kelamiz.

— Yoshini kichiklashtirgan deb topilgan futbolchilar haqida-chi? Ular nimadandir umid qilishi mumkinmi?

— Bu jiddiy masala. Biz bunday illatni butkul yo‘qotish uchun harakat qilamiz. Yaqin kelajakda futbolga kirib kelayotgan har bir bolani umumiy bazaga kiritish va shu orqali ularni nazorat qilish tizimini O‘zbekistonga olib kiramiz. Bu tizim Yevropa va Osiyoning ayrim mamlakatlarida muvaffaqiyatli ishlayapti. Bunda qandaydir futbolchi 14—15 yoshida paydo bo‘lib qolmaydi, biz ularni o‘sha kichik guruhchalarda to‘p tepishni boshlaganidan buyon nazoratga olamiz. Bu esa yuqoridagi illat uchun yaxshigina bolta uradi.

Shu vaqtgacha o‘zimizni aldab keldik bolalar va o‘smirlar futbolida natija ko‘rsatib. Endi biz ulardan natija talab qilmaymiz. Murabbiylar olayotgani sovrini bilan maqtanishni yig‘ishtirsin, ular qanday saviyadagi futbolchilarni tarbiyalab berayotganiga e’tibor qaratsin.


— Lekin Ahmadaliyevni olib qarasak, u o‘z qanotida terma jamoa darajasiga chiqishi mumkin edi. Qolaversa, xato qilganida ancha yosh bo‘lgan. Keyin esa xulosa chiqarib, o‘z ism-sharifi bilan o‘ynashni boshlagandi.

— Ha, o‘sha Dilshod Ahmadaliyev ham, boshqasi ham juda yosh vaqtida xato qilgan. Biz kap-katta odamlarni kechirib, iqtidorlarni futboldan bezdirib qo‘ymaymiz. Ularni qaytaramiz futbolga. Niyatimiz odamlar ko‘nglini sportdan bezdirish emas, sport ichidagi illatlarni yo‘qotish. O‘sha Ahmadaliyev va boshqalar misolida futbol murabbiylari ham, boshqalar ham qulog‘iga yaxshilab quyib olsin, endi oldingi futbol yo‘q. Oldingi futbolda ishlagan murabbiylar ham, rahbarlar ham, endi yangi talablar bo‘yicha birdek javobgar bo‘ladi. Keyingi safar faqatgina futbolchini emas, murabbiyi va o‘sha maktab rahbarini ham qo‘shib haydaymiz, futbolchining ota-onasi esa davlat hujjatini soxtalashtirish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunday bo‘lmasligi uchun murabbiylar, klublar rahbarlari har bir bolani yaxshilab tekshirsin, maktabi ham, bog‘chasi ham, mahallasi ham chetda qolib ketmasin. Ota-onalar esa ozgina aqli bo‘lsa, murg‘ak bolalarni jinoyat yo‘liga boshlamasin. So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman deganlaridek, biz bolalarni emas, ularni bosh aybdor deb hisoblaymiz.

Suhbat yakunida Ahmadjonovga samimiy minnatdorchilik bildirdim. U bilan suhbatgacha umuman boshqa odamni tasavvur qildim. Ammo Abramovning qaytishi, Ahmadaliyevga yana imkon berilishi, “Buxoro” futbol klubi bilan bog‘liq masalalar kayfiyatimni ko‘tardi.

Men yuqorida aytganim kema cho‘kib ketadimi yoki yo‘q ma’lum emas. Ammo uning ichidagilar harakat qilyapti. Harakat qanday samara berishini vaqt ko‘rsatadi. Ahmadjonovning o‘zi aytganidek, xato hammada bo‘ladi: kimdir bilib qiladi, kimdir esa bilmasdan. Umid qilamanki, balki 1 yil, balki 4—5 yildan keyin Toshkentga qaytganimda bizda umuman boshqacha futbol bo‘ladi.  

Matlyuba Mustayeva suhbatlashdi,

 «Championat.asia» saytidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring