Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukrainadagi urush dunyo aholisi uchun ochlik va qashshoqlik xavfini tug‘dirmoqda — BMT

Ukrainadagi urush dunyo aholisi uchun ochlik va qashshoqlik xavfini tug‘dirmoqda — BMT

Anastasia Vlasova / Getty Images

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterreshning ogohlantirishicha, Rossiyaning Ukrainaga harbiy operatsiyasi 1,7 milliardga yaqin odamni, ya’ni insoniyatning beshdan biridan ko‘prog‘ini qashshoqlik va ocharchilikka olib kelishi mumkin.

Jahonda bug‘doy va arpa ishlab chiqarishning 30 foizi, makkajo‘xorining beshdan bir qismi va kungaboqar yog‘ining yarmidan ko‘pi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, iqtisodiyoti past rivojlangan 45 ta davlat uchun Rossiya va Ukrainadan yetkazib beriladigan don ulushi importning uchdan biridan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

BMTning eslatishicha, Rossiya dunyodagi eng yirik tabiiy gaz va ikkinchi yirik neft eksportchisi hisoblanadi.

Urush rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ham COVID-19 pandemiyasi, tashqi qarz va o‘sib borayotgan inflyasiya tufayli yuzaga kelgan muammolarni yanada kuchaytirdi.

2022 yil boshidan buyon bug‘doy va makkajo‘xori narxi 30 foizga, neft 60 foizdan ko‘proqqa, tabiiy gaz va o‘g‘itlar narxi esa ikki baravarga oshdi.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu vaziyatda favqulodda choralar ko‘rish uchun yetarli mablag‘ga ega emas , — ogohlantirdi Antoniu Guterresh. — Xususan, resurslar yetishmasligi haqida BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi allaqachon e’lon qilgan. Oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi bilan ijtimoiy va siyosiy beqarorlik o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor. Bizning dunyomiz bu sinovga tayyor emas. Oqibatlarni bartaraf etishga hozirdan kirishishimiz kerak».

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainadagi urush tufayli oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelishi mumkinligi aytgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring