Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina: urush davrida Ramazon qanday o‘tmoqda?

Ukraina: urush davrida Ramazon qanday o‘tmoqda?

Mariupol shahridagi usmonli uslubida qurilgan jome’ masjid.

Foto: AA

Ukraina musulmonlari bu yilgi Ramazonni urush sharoitida qarshi oldi. To‘xtovsiz davom etayotgan hujumlar sabab muqaddas oy ibodatlarini ado etish  mushkul kechmoqda, deb xabar beradi «Al-Jazira» nashri.

Asosan pravoslav nasroniylaridan iborat Ukraina aholisining bir foizini musulmonlar tashkil etadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini bostirib kirgan 24 fevraldan buyon 10 mln kishi o‘z uyini tark etdi, 4 mln kishi, jumladan, ayrim musulmonlar xorijdan vaqtincha boshpana topdi.

«Ko‘plab musulmonlar chet elga ketishdi. Ukrainada qolganlari esa ko‘makka muhtoj», – deydi Ukraina musulmonlari ligasi rahbari Niyara Mamutova.

Shaharlarga bomba yog‘dirilayotgan bir pallada musulmonlarning emin-erkin ro‘za tutishi amrimahol, albatta.

«Sirena tovushi yangrashi bilan xavfsiz joyga yashirinishimiz kerak. Ertangi kun bizga nima hozirlaganidan bexabarmiz. Bu ruhiyatingizga og‘ir ta’sir ko‘rsatadi. Urush boshlanganidan buyon 10 yoshga qarigandekmiz», – deydi Ukraina musulmonlari ligasi rahbari.

Ammo mushkulotlarga qaramay, ular Ramazon fayzidan imkon qadar bahramand bo‘lish niyatida.

«Allohning rahmati va mag‘firatiga sazovor bo‘lish uchun qo‘ldan kelgancha amallarni ado etmog‘imiz, o‘zimiz, oilamiz, mamlakatimiz Ukraina uchun duoi xayrlar qilmog‘imiz lozim», – deydi N.Mamutova.  

Qrim tatar millatiga mansub bu ayolning qismati sinovlarga to‘liq deyish mumkin.

1944 yili sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning farmoni bilan 250 mingdan ziyod qrim tatarlari vatanidan O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekistonga badarg‘a qilinadi. Ochlik, tashnalik, turli xastaliklar hamda ona yurt firoqi sabab ularning yarmi yo‘lda vafot etadi.

Surgun davrida dunyoga kelgan N.Mamutova siyosiy vaziyat o‘zgargach, oilasi bilan tarixiy vatani – Qrimga qaytadi. Ammo 2014 yili yarimorol Rossiya hududiga qo‘shib olingach, Zaporojega ketishga majbur bo‘ladi. Bir necha haftadan buyon davom etayotgan urush sabab endigina izga tushayotgan hayot yana izdan chiqdi.

«Zaporojedagi musulmon jamoasi turfa elatlaridan tashkil topgan. Turli millat vakillari o‘z milliy taomlarini tayyorlar edi. Bir kun hindcha biryani, boshqa kuni falastincha taom yoki o‘zbek palovini tanovul qilar edik», – deya osoyishta kunlarni yodga oladi N.Mamutova.

Xalqaro axborot agentliklari Ukrainadagi urush butun dunyo, jumladan, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida ham narx-navo oshishiga sabab bo‘layotgani haqida yozmoqda.

Ukrainaning dunyo bo‘yicha bug‘doy, makkajo‘xori va o‘simlik moyi eksportida ulushi katta. Harbiy harakatlar mazkur muhim oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashuviga olib kelmoqda.

Musulmon ulamolar esa yaxshiligu yomonlik Allohdan ekanini ta’kidlab, sinovli kunlar ortda qolishi, insoniyat sog‘lom aqlga quloq solib urushga barham berishiga umid bildirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring