Ukraina Qrimdagi muzeylarga nisbatan sanksiya kiritmoqchi
Ukraina madaniyat vazirligi Qrimdagi bir qator muzey rahbarlari va xodimlariga nisbatan sanksiya joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Ularga nisbatan «madaniy boyliklarni chegaradan noqonuniy olib o‘tish» aybi qo‘yilmoqda. Bu haqda «RIA Novosti» agentligi xabar bermoqda.
Vazirlik bergan bayonotda aytilishicha, Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishidan keyin yarimorol muzeylarida saqlanayotgan bir qator eksponatlar Rossiyaga olib ketilgan. Jumladan, 2016-yilda Ukrainada Ayvazovskiy nomidagi milliy tasviriy san’at galereyasidan noqonuniy ravishda Rossiya hududiga olib o‘tilgan 38 ta surat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Ukraina Qrimni har doimgidek o‘ziniki deb hisoblaydi va uni vaqtinchalik bosib olingan hudud deya baholaydi.
Rossiya hukumati esa Qrim aholisi demokratik tarzda, xalqaro huquq normalari va BMT ustaviga xilof bo‘lmagan tarzda Rossiyaga qo‘shilish uchun ovoz berganini ta’kidlab keladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Qrim masalasi uzil-kesil yopilganini» ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter