Uchturgonda bir maktab bor ekan...(video)

Maktab va o‘quvchilar hayoti haqida ayni ta’til paytida qanday maqola yozish mumkin, deb o‘ylayotgandirsiz. Shunday maktab direktorlari borki, ta’tilda ham maktabiga bir borib kelmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi.
Biz yo‘l-yo‘lakay Jizzaxning Yangiobod tumanida shunday direktor haqida eshitib maktab tomon yo‘l oldik. Kutilmagan uchrashuvdan direktor shoshib qoldi. «Ayni ta’til paytida maktab haqida chiroyli material chiqarmikan», degan o‘y nafaqat bizning, balki direktorning ham ko‘nglidan o‘tib turgan ekan. Biz esa maqola haqida o‘ylamadik, direktor bilan shunchaki yo‘l-yo‘lakay suhbatlashdik...
Suhbat asnosida mezbondan 200 metrdan quduq qazib suv chiqarishganini, nasos keltirib maktab yaqinidagi bo‘sh yerga piyoz ekkanini, budjetdan tashqari mablag‘ orttirib moddiy ta’minotlarini yaxshilamoqchiligini bilib oldik. Hosilni yig‘ishtirib olishgach qizlar uchun tikuv mashinasi va shunga o‘xshash to‘garaklarga kerakli uskunalarni xarid qilishmoqchi.
Umuman, maktab direktorining biologligi o‘quvchilarning ham tabiatga bo‘lgan mehrini oshirishini kuzatdik. Maktab hududida ekilgan daraxt ko‘chatlari alohida «tablichka» bilan belgilangan bo‘lib har bir sinf o‘ziga tegishli hudud daraxtlarini, ekinlarining rivojlanishini, o‘sishini, hosil berishini kuzatarkan. Demak, bu maktab bolalaridan kelajakda daraxt kesuvchilar emas, tabiat himoyachilari yetishib chiqishi quvonarli.
O‘tgan yili maktab ta’mirdan chiqibdi. Sinfxonalar jihozlaridan tortib kompyuterlargacha juda sifatlisi o‘rnatilgan, hatto eshik-derazalargacha juda mustahkam. E’tiborlisi, direktor maktabdagi ta’mir ishlarini ham, sifatni ham o‘zi nazorat qilgan.
– Yangiobod tumani, 9-maktabda 161 bola o‘qiydi, – deydi Rashid Azlarov. – 2008 yildan o‘zim o‘qigan maktabda biologiyadan dars berib kelganman. 2015 yil direktor bo‘ldim. O‘shanda ingliz tili, matematika, geografiya fanlari o‘qituvchilariga ehtiyoj juda katta edi. Shuning uchun o‘quvchilarning orasida «men shu fanlar bo‘yicha o‘qituvchi bo‘laman», deya xohish bildirganlarini qo‘shimcha darslarga navbati bilan o‘zimiz olib bordik. Axir har bir bolaning bir tola sochiga javobgarmiz. Buni yozib o‘tirmangizlar, qishki kiyim qilishim kerak bo‘lgan pulga eski jigulimning to‘rtta balonini yangilab bolalarni qo‘shimcha darslarga olib bordim. O‘shanda urinishlarim natija berarmikan, deb o‘ylardim. Natijasi darrov bilindi – biz tayyorlov kurslariga olib borgan o‘quvchilar birin-ketin o‘qishga kirib ketishdi. Ular o‘qishni bitirish arafasida, bitirganlarini ishga qabul qilamiz. Bir kuni qabristonda shimimga tuproq tegibdi, bir o‘quvchim kelib o‘zim qoqaman degunimcha engashib changni qoqayotganini ko‘rib ustozligimdan faxrlandim...
Direktorning yana rejasi bor, jonli burchak sifatida quyon ko‘paytirmoqchi. Bu maktab hayoti qaynoq ekanligini atrofga ekilgan gullardan, meva tukkan anoru uzumlardan bilsa bo‘ladi, maktabni bitirgan o‘quvchilarning yana shu yerga o‘qituvchi bo‘lib qaytayotganidan bilsa bo‘ladi. Yangi o‘quv yili boshlangach o‘quvchilar bilan uchrashishni maqsad qilib katta taassurotlar bilan ortga qaytdik.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter